“Milliy sanoat zanjiri” – mahalliy ishlab chiqarish va davlat buyurtmalari o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik
Bugungi kunda mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish davlat iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ayniqsa, transport kabi strategik tarmoqda ichki ishlab chiqarish salohiyatini to‘liq ishga solish, mahalliy korxonalarni yirik davlat buyurtmalari bilan bog‘lash va yangi ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi. Ana shu maqsadlar yo‘lida tashkil etilayotgan “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmalari davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan samarali maydonga aylanmoqda.

Joriy yilning 15–16-iyul kunlari Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Sof Expo” ko‘rgazma markazida transport sohasiga bag‘ishlangan “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Transport vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, transport sohasining yirik davlat buyurtmachilari hamda tarmoq korxonalari hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning bosh maqsadi transport tarmog‘ida mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan yirik davlat buyurtmachilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.

Mazkur yirik sanoat maydonida transport sohasining 5 ta yirik tarmoq korxonasi, 80 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi hamda 2 mingdan ziyod mahsulot namoyish etildi. Ko‘rgazmada temir yo‘l, fuqaro aviatsiyasi, avtomobil yo‘llari, shahar transporti va logistika yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy mahsulotlar, butlovchi qismlar, yuqori texnologik ishlanmalar, innovatsion yechimlar, ilmiy loyihalar va istiqbolli ishlab chiqarish tashabbuslari keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Ikki kun davom etgan tadbirda 1 500 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Ko‘rgazmaning muhim jihatlaridan biri shundaki, unda transport tarmog‘ining yirik buyurtmachilari o‘zlarining joriy va istiqboldagi xarid ehtiyojlari, 2026-yil va undan keyingi davrlarga mo‘ljallangan xarid rejalari, mahsulotlarga qo‘yiladigan texnik talablar, sifat mezonlari hamda yillik ehtiyoj hajmi haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi.

Bu esa mahalliy tadbirkorlarga bozor talabini chuqur o‘rganish, yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlarini belgilash va o‘z mahsulotlarini yirik buyurtmachilar ehtiyojiga moslashtirish imkonini yaratdi. Ko‘rgazmada bugungi kunda import qilinayotgan, mahalliylashtirilgan hamda kelgusida mamlakatimizda ishlab chiqarish tavsiya etilayotgan mahsulotlar alohida yo‘nalishlar bo‘yicha namoyish qilindi. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar nafaqat mavjud ehtiyojlarni ko‘rish, balki istiqboldagi ishlab chiqarish loyihalarini shakllantirish uchun ham muhim axborot va amaliy tavsiyalarga ega bo‘ldi.

Tadbirda "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati, "Uzbekistan Airways" aksiyadorlik jamiyati, "Uzbekistan Airports" aksiyadorlik jamiyati, "Toshkent metropoliteni" aksiyadorlik jamiyati, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi hamda transport infratuzilmasi va davlat xaridlari bilan bog‘liq boshqa tashkilotlar o‘z stendlari bilan ishtirok etdi. Mahalliy korxonalar esa ishlab chiqarayotgan mahsulotlari, ehtiyot qismlari, butlovchi buyumlari va import o‘rnini bosuvchi texnologik yechimlarini yirik buyurtmachilarga bevosita taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ko‘rgazma doirasida 30 ta B2B va 20 ta B2G uchrashuvlari tashkil etildi. Ushbu muloqotlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, yirik davlat buyurtmachilari, tijorat banklari, ilmiy va ta’lim muassasalari hamda investorlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish, uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kafolatli xarid va offtake shartnomalarini tuzish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida 90 dan ortiq hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ko‘rgazmada transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, tranzit yo‘laklarini kengaytirish, mamlakat tranzit salohiyatidan samarali foydalanish hamda ushbu jarayonlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini oshirishga qaratilgan loyihalar ham namoyish etildi.
Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va startap jamoalari tomonidan transport sohasiga oid innovatsion ishlanmalar, zamonaviy texnologiyalar hamda ilmiy yechimlar taqdim etildi. Muhandis-texnik mutaxassislarni tayyorlash, dual ta’limni rivojlantirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda R&D markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar uchun korxonalar va mahsulotlar haqida tezkor ma’lumot olish imkonini beruvchi interaktiv yechimlar ham joriy etildi. Shuningdek, maxsus ko‘rgazma katalogi orqali tarmoq korxonalari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda ular taqdim etayotgan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratildi. Ko‘rgazmaning eng muhim natijalaridan biri uning amaliy samaradorligida namoyon bo‘ldi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra, davlat xaridlari doirasida 10 mingdan ortiq shartnomalar imzolanib, ularning umumiy qiymati 714 milliard so‘mni tashkil etdi. Ushbu kelishuvlar transport tarmog‘ida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirish, mahalliy kontent ulushini oshirish hamda yangi ishlab chiqarish loyihalarini hayotga tatbiq etish uchun muhim iqtisodiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
“Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi transport sanoati uchun oddiy mahsulotlar namoyishi emas, balki davlat buyurtmachilari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar, investorlar, ilmiy muassasalar va moliya institutlarini yagona platformada birlashtirgan yirik sanoat muloqoti bo‘ldi.
Eng muhimi, mazkur tadbir mahalliy korxonalarning ishlab chiqarish salohiyatini namoyon etish, yangi kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni jadallashtirish hamda davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Ko‘rgazma yakunida o‘zining innovatsion yondashuvi, ilg‘or texnologik yechimlari hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi bilan ajralib turgan ishtirokchilar tantanali ravishda taqdirlandi. G‘oliblar “Eng yaxshi innovatsion stend”, “Eng istiqbolli innovatsion startap”, “Eng istiqbolli transport loyihasi”, “Import o‘rnini bosuvchi eng yaxshi loyiha” hamda “Eng samarali sanoat zanjiri loyihasi” nominatsiyalari bo‘yicha e’tirof etildi.

Erishilgan natijalar shuni ko‘rsatadiki, “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi nafaqat bugungi ehtiyojlarga javob beradigan, balki transport tarmog‘ining uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan samarali platforma sifatida o‘zini to‘liq oqladi. Kelgusida bunday ko‘rgazmalar mahalliy sanoatni rivojlantirish, innovatsion ishlab chiqarishni kengaytirish va mamlakat iqtisodiyotida mahalliy kontent ulushini yanada oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
M.Ruyiddinova,
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi
axborot xizmati mutaxassisi