Markaziy bank 2023 yil yakunlari bo‘yicha Nobank kredit tashkilotlarining moliyaviy holati to‘g‘risidagi sharhni e’lon qildi.
Unda qayd etilishicha, 2023 yil davomida mikromoliya tashkilotlari soni 84 tani tashkil etgan. Ularning aktivlari 2,2 barobarga, 4,5 trln. so‘mgacha o‘sgan. Kredit qo‘yilmalari esa 2,3 barobarga o‘sib, 4,1 trln. so‘mga yetgan. Sodda qilib aytganda hozirda mikromoliya tashkilotlarining jami aktiv va kredit ko‘lami eng kichik 10 ta banknikidan ko‘p.
Mikromoliya tashkilotlarining muammoli kreditlari (NPL 90+) qoldig‘i 88 mlrd. so‘mni tashkil etgan. Solishtirish uchun, tijorat banklarida NPL ulushi rasmiy hisobotlarda 3,5 foiz etib ko‘rsatiladi.
Mikromoliya tashkilotlarining kapitali yil davomida 1,5 barobarga ko‘paygan va 2,2 trln. so‘mni tashkil etgan. Ular jami 675 mlrd. so‘m sof foyda olgan va 39 foizlik kapital rentabelligini ko‘rsatgan. Solishtirish uchun, banklarning kapital rentabelligi 14,2 foizni tashkil etadi.
Ma’lumot o‘rnida, belgilangan vazifalar o‘z vaqtida bajarilsa, 2024 yil 1 apreldan boshlab 50 mlrd. so‘m bilan mikromoliya banklarini tashkil etish mumkin bo‘ladi.
Mikromoliya tashkilotlarining mikromoliya banklariga aylanishlariga huquqiy asos paydo bo‘ladi. Mikromoliya banki tijorat bankidan uning xorijiy banklar bilan vakillik munosabatlari bo‘lmasligi va tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatmasligidan, shuningdek, ruxsat berilgan operatsiyalarning eng ko‘p miqdori cheklangani bilan farqlanadi.
Nobank kredit tashkilotlari aktivlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,9 barobarga ortib, 2024 yil 1 yanvar holatiga 8,3 trln. so‘m doirasida shakllangan. Aktivlarning o‘sishi asosan kredit qo‘yilmalarining 1,9 barobarga oshishi bilan izohlanadi. Ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotining jami aktivlari 1,7 barobarga (1,4 trln. so‘mga) o‘sgan holda, 3,5 trln. so‘mni tashkil etgan.
2023 yil davomida mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi 8,7 trln. so‘mni tashkil etib, 2024 yilning 1 yanvar holatiga jami moliyaviy xizmatlar qoldig‘i (4,4 trln. so‘m) 2,2 barobarga, xususan, mikromoliya tashkilotlari kredit qo‘yilmalari qoldig‘i (4,1 trln. so‘m) 2,3 barobarga va lombardlar kredit qoldig‘i (280 mlrd. so‘m) 30 foizga o‘sgan.
O‘z navbatida, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti tomonidan aholining uy-joylarga bo‘lgan o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirish maqsadida tijorat banklariga ajratilgan resurslar qoldig‘i 3,1 trln. so‘m doirasida shakllangan.
2024 yil 1 yanvar holatiga barcha nobank kredit tashkilotlarining jami kredit qo‘yilmalari qoldig‘i o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,9 barobarga ko‘payib, 7,5 trln. so‘mni yoki barcha kredit tashkilotlari umumiy kreditlash hajmidagi ulushi 1,6 foizni tashkil etgan.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA