Mikromoliya tashkilotlari kredit portfeli yarim yilda 47 foizga o‘sdi
O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlari (MMT) tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratish hajmi sezilarli darajada kengaymoqda. Biroq kredit portfelining tez o‘sishi bilan bir qatorda qarzlarning qaytarilishi bilan bog‘liq xatarlar ham diqqat markazida qolmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga mamlakatda 136 ta mikromoliya tashkiloti qayd etilgan. Yil boshida ularning soni 132 tani tashkil etgan. Shundan 122 tasi amalda kredit portfeliga ega bo‘lgan.
2026-yilning birinchi yarmida MMTlarning umumiy kredit portfeli 5,12 trillion so‘mga yoki 47,3 foizga oshib, 16 trillion so‘mga yetdi. Bu o‘sish sur’ati tijorat banklarinikidan ancha yuqori. Xususan, shu davrda banklarning kredit portfeli atigi 6,4 foizga kengaygan. Biroq kreditlash hajmining tez o‘sishi muammoli kreditlar dinamikasida ham aks etmoqda. Yarim yilda MMTlardagi muammoli kreditlar 136 milliard so‘mga yoki 51,6 foizga ko‘paydi.
Natijada NPL — qaytarilishida muammo yuzaga kelgan kreditlarning umumiy portfeldagi ulushi 2,43 foizdan 2,50 foizga oshdi. Shu bilan birga, bank tizimida NPL ulushi 2,99 foizdan 3,57 foizga ko‘tarilgan. Demak, mikromoliya tashkilotlarida muammoli kreditlar ulushi banklarga nisbatan pastroq bo‘lsa-da, ularning mutlaq o‘sish sur’ati yuqori bo‘lgan.
Mikromoliya bozorida konsentratsiya darajasi ham yuqori. Kredit portfeli bo‘yicha eng yirik 5 ta MMT jami portfelning 64 foizini, eng yirik 10 ta tashkilot esa 74,4 foizini nazorat qilmoqda. Bozor yetakchisi TEZCOIN hisoblanadi. Uning kredit portfeli yarim yilda 3,46 trillion so‘mdan 5,88 trillion so‘mga, ya’ni 69,8 foizga oshgan. Natijada uning bozordagi ulushi 31,9 foizdan 36,8 foizga ko‘tarilgan.
Qizig‘i, portfel jadal o‘sganiga qaramay, kompaniyada NPL ulushi 2,24 foizdan 1,92 foizga pasaygan. Biroq kredit portfeli katta bo‘lgani uchun muammoli kreditlarning mutlaq miqdori ham oshgan. Ikkinchi yirik ishtirokchi SHAFFOF-MOLIYAning portfeli esa 4,8 foizga qisqarib, 1,77 trillion so‘mni tashkil qilgan. Uning NPL ulushi 3,88 foiz darajasida qolgan. Shu ikki tashkilotning o‘zi segmentdagi jami muammoli kreditlarning 45,5 foizini shakllantirmoqda.
Mikromoliya bozorida yangi ishtirokchilarning faollashuvi ham kuzatilmoqda. Xususan, TBC CREDITning kredit portfeli yil boshidagi 35,3 milliard so‘mdan yarim yil yakuniga kelib 806,9 milliard so‘mga yetgan. Shu bilan birga, uning NPL ulushi 0,07 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich portfel nisbatan yangi shakllangani bilan ham izohlanishi mumkin.
Ayrim tashkilotlarda esa kredit portfelining keskin kengayishi muammoli qarzlar ulushining ham o‘sishiga olib kelgan. Masalan, KORONAning portfeli 10,1 milliard so‘mdan 261,7 milliard so‘mgacha kengaygan. Shu davrda tashkilotda avval mavjud bo‘lmagan muammoli kreditlar hajmi 26,8 milliard so‘mga yetgan. YANGI FINANCEda esa NPL ulushi 7,39 foizdan 24,23 foizga ko‘tarilgan. Bunda tashkilot portfelini qisqartirganiga qaramay, muammoli kreditlar hajmi oshgan.
Bozorda barcha tashkilotlarda ham salbiy dinamika kuzatilmayapti. Ayrim MMTlar muammoli kreditlar ulushini sezilarli kamaytirgan. Xususan, PULMANda NPL ulushi 5,12 foizdan 2,22 foizga, EHTIROM PLUSda 3,32 foizdan 1,76 foizga, AGAT CREDITda 3,94 foizdan 2,95 foizga tushgan. Hisobot sanasida 24 ta MMT muammoli kreditlarsiz ishlayotgan. Biroq yil boshida bunday tashkilotlar soni 28 ta edi. Mikromoliya bozoridagi umumiy NPL darajasi 2,5 foiz bo‘lgani bilan, ayrim kichik tashkilotlarda muammoli kreditlar ulushi juda yuqori.
Hozirda 46 ta MMTda NPL ulushi 5 foizdan oshgan. Yil boshida bunday tashkilotlar 32 ta edi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar KREDITOMAT TASHKENT — 85,32 foiz, SILVER FINANCE — 69,83 foiz, TURON MIKROMOLIYA — 61,10 foiz va SIRIUS KREDIT — 56,32 foizda qayd etilgan. Biroq bu tashkilotlarning kredit portfeli nisbatan kichik bo‘lgani uchun ularning yuqori NPL ko‘rsatkichlari butun bozorning umumiy natijasiga katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Portfeli 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan 73 ta MMTda NPL ulushining medianasi 2,21 foizni tashkil etgan.
Mikromoliya tashkilotlari kredit portfelining yarim yilda qariyb yarim baravarga o‘sishi aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslarga bo‘lgan talabini qondirishda ushbu sektorning roli ortib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq kredit portfeli 47,3 foizga, muammoli kreditlar esa 51,6 foizga o‘sgani muhim signaldir. Bu mikromoliya bozorida kreditlash hajmini kengaytirish bilan bir qatorda qarz oluvchilarning to‘lov qobiliyatini baholash, kredit risklarini boshqarish va qarzdorlik sifatini nazorat qilish masalalariga ham katta e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda. Umuman, sektorning jadal o‘sishi moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Ammo barqaror o‘sish uchun kredit portfelining hajmi bilan birga uning sifati ham asosiy mezon bo‘lib qoladi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA