MICE turizmi bo‘yicha yangi xalqaro hamkorliklar
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Germaniyaning Frankfurt shahrida o‘tkazilayotgan IMEX 2026 — dunyodagi eng yirik va nufuzli biznes (MICE) turizm ko‘rgazmasida faol ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro maydonda 150 dan ortiq davlatdan minglab ishtirokchilar jam bo‘lgan.

IMEX ko‘rgazmasi har yili xalqaro kompaniyalar, turizm tashkilotlari, mehmonxona tarmoqlari va yirik tadbir tashkilotchilarini birlashtirib, biznes turizmi, konferensiyalar, korporativ uchrashuvlar hamda xalqaro forumlar sohasida yangi hamkorliklarni shakllantirish uchun muhim platforma vazifasini o‘taydi.
Ko‘rgazma doirasida Turizm qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonning boy turizm salohiyati keng targ‘ib qilinmoqda. Milliy stendda “Silk Road Samarkand”, CAEx, “Asialuxe Travel”, “El Mundo”, “Tour Link” hamda Konvensiyalar byurosi kabi yirik tashkilotlar ishtirok etib, xorijiy hamkorlar bilan yangi biznes aloqalarini o‘rnatish yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.

Tadbir davomida mehmonlarga O‘zbekistonning MICE turizmi yo‘nalishidagi imkoniyatlari, zamonaviy infratuzilmasi, yirik xalqaro forum va tadbirlarni yuqori darajada tashkil etish salohiyati haqida batafsil ma’lumot taqdim etilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi ICCA xalqaro tashkiloti rahbariyati vakili Senthil Gopinat boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro biznes tadbirlarini O‘zbekistonda o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mutaxassislar fikricha, IMEX 2026 kabi nufuzli ko‘rgazmalarda O‘zbekistonning faol ishtiroki mamlakatning xalqaro MICE turizm bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA