Turizm sohasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi
Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida “O‘zbekiston kunlari” doirasida tashkil etilgan madaniy-ishbilarmonlik tadbirlarida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Tojiyev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Tashrif dasturi doirasida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazilib, unda Sankt-Peterburg shahri turizm sohasi vakillari, turoperatorlar, mehmonxona biznesi va investorlar qatnashdi.


Taqdimot davomida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi turistik mahsulotlar hamda investitsion imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbir doirasida B2B formatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.


Shuningdek, bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, Sankt-Peterburg shahri gubernatori o‘rinbosari B.Piotrovskiy, Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi I.Kaynov, Sankt-Peterburg shahar Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Ye.Pankevich, Sankt-Peterburg shahri Savdo-sanoat palatasi departament rahbari I.Karpenko, “Ostrovok”, “VKontakte” va “Gazprom-Media Xolding” kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA