Mehmonxonalarda xalqaro e’tirof etilgan “yashil” sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Mehmonxona xo‘jaligi sohasida xalqaro e’tirof etilgan “yashil” sertifikatlarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutuvchi Mehmonxonalarda xalqaro e’tirof etilgan “yashil” sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini qoplash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi:
mehmonxonalarga qo‘yiladigan talablar;
xarajatlarning 50 foizini qoplash uchun ariza berish tartibi hamda taqdim etiladigan hujjatlar;
arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish tartibi;
ajratiladigan mablag‘larni tadbirkorlik sub’ektlarga o‘tkazish tartibi.
Mazkur qaror doirasida mehmonxonalar tomonidan xalqaro e’tirof etilgan “yashil” sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismi Turizm qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan uning mablag‘laridan foydalanishning belgilangan tartibiga muvofiq qoplanadi.
Qarorga ko‘ra, mazkur qaror kuchga kirgan kundan boshlab bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglamentga muvofiq davlat xizmatini O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish ta’minlanadi.
Ushbu Ma’muriy reglament mehmonxonalar tomonidan xalqaro e’tirof etilgan “yashil” sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini qoplash tartibini belgilaydi.
Xarajatlar Davlat xizmatlari markazi va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan qoplanadi.