Mehmonxonalar xalqaro “yashil” sertifikat xarajatlarini 50 foizini onlayn ariza orqali qaytarib olishi mumkin
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, xalqaro e’tirof etilgan “yashil” sertifikatga ega mehmonxonalar sertifikatlashtirish uchun sarflagan xarajatlarining 50 foizini davlatdan qaytarib olishi mumkin.
Buning uchun my.gov.uz portalida Mehmonxonalarda xalqaro e’tirof etilgan "yashil" sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini qoplash xizmati yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu imkoniyat Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-iyundagi tegishli qarori bilan belgilangan bo‘lib, mehmonxonalarda ekologik barqarorlikni ta’minlash va “yashil” turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xizmatdan xalqaro “yashil” sertifikatga ega bo‘lgan va quyidagi talablarga javob beradigan mehmonxonalar foydalanishi mumkin:
– soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmagan;
– qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmagan;
– faoliyati vaqtincha to‘xtatilmagan;
– sud qarori bilan to‘lovga qobiliyatsiz (bankrot) deb topilmagan.
Arizalar my.gov.uz portali orqali onlayn yoki Davlat xizmatlari markazlariga borib topshiriladi. Portal orqali ariza yuborilganda elektron raqamli imzo (ERI) talab etilmaydi.
Arizaga “yashil” sertifikat nusxasi va sertifikatlashtirish organi bilan tuzilgan shartnoma va to‘lov hujjatlari ilova qilinadi. Vakolatli organ arizani belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqadi. Ijobiy qaror qabul qilingach, sarflangan mablag‘ning 50 foizi bevosita arizachining hisob raqamiga o‘tkaziladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA