Maydanak — tog‘ turizmining yangi manzili
FOTOREPORTAJ
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida, dengiz sathidan 2 ming 750 metr balandlikda joylashgan Maydanak baland tog‘ turistik markazida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yerda tog‘, ekologik va ilmiy turizm yo‘nalishlarini qamrab olgan zamonaviy majmua barpo etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 28-noyabrda qabul qilingan «Qashqadaryo viloyatining tog‘li va tog‘oldi hududlarida turizm va sportni rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida Maydanakda umumiy 58,6 gektar maydonni qamrab olgan turistik ob’ektlar majmuasi yuzaga kelmoqda.
[gallery-31229]
Hududda mehmonlar uchun turli formatdagi turar joylar qurilgan. Skandinaviya uslubidagi yog‘och kottejlar, A harfi ko‘rinishidagi zamonaviy uylar hamda “MAYDANAK” brendi ostidagi modulli kapsula uylar tog‘ manzarasiga uyg‘un joylashtirilgan.
Turistik markazda dam olish va ko‘ngilochar maskanlar ham bor. Bolalar va kattalar uchun arqonli to‘siqlar, ko‘prikchalar va boshqa elementlardan iborat roup-park ishlab turibdi.
Maydanakning muhim turistik imkoniyatlaridan yana biri — ilmiy turizm. Bu borada rasadxona alohida ahamiyatga ega. Astronomiyaga qiziquvchilar uchun 2 ta katta va 2 ta kichik teleskop o‘rnatilgan binolar ta’mirlanib, kuzatuv imkoniyatlari yaxshilanmoqda.
Rasadxona atrofidagi 7 ming 900 gektarlik Zarafshon archalari o‘rmon hududida o‘tov uylari ham tashkil etilgan. Mazkur maskanda mahalliy va xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatilmoqda. Turistik markaz hududida 2 ta vertolyot qo‘nish maydonchasi ham qurilgan.
Maydanakdagi turistik infratuzilmaning kengayishi mahalliy aholi uchun yangi daromad manbalarini yuzaga keltirmoqda. Xizmat ko‘rsatish, ekskursiyalarni tashkil etish va hunarmandchilik yo‘nalishlariga aholi jalb qilingan.
Baland tog‘ hududining musaffo havosi, archazorlari, tabiiy manzaralari va tungi osmonni kuzatish imkoniyati Maydanakning ekologik va ilmiy turizm salohiyatini yanada oshiradi.
Ayni paytda turistik markazda qurilish va obodonlashtirish ishlari davom etyapti. Keyingi bosqichlarda restoran, kafe, sport zallari va boshqa servis ob’ektlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Maydanakda yaratilayotgan infratuzilma tog‘ turizmini rivojlantirish, hududning tabiiy va ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish hamda Qamashi tumanining turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Jamshid NORQOBILOV(surat),O‘zA