Turizm ta’limini xalqaro darajaga olib chiqish yo‘lida muhim qadam
Buxoroda turizm va mehmondo‘stlik sohasi uchun xalqaro standartlarga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish va ilg‘or xorijiy tajribani amaliyotga keng joriy etish borasida muhim qadamlar tashlanmoqda.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Avstriya savdo vakili Rudolf Lukavskiy, mehmondo‘stlik va oshpazlik sohasi eksperti Tomas Drdak hamda arxitektor Zelko Katalinich bilan uchrashib, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvda, avvalo, Buxoroda turizm ta’limini xalqaro mezonlar asosida modernizatsiya qilish, zamonaviy mehmondo‘stlik industriyasi talablariga mos kadrlar tayyorlash hamda ta’lim jarayonini ish beruvchilar ehtiyojlari bilan uzviy bog‘lash masalalariga e’tibor qaratildi. Bu jarayon O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash va ta’limni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilishga qaratilgan davlat siyosati, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan inson kapitali va kasbiy ta’limni rivojlantirish tashabbuslarining Buxorodagi amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Muloqotda Buxoro turizm va madaniy meros texnikumini Buxoro xalqaro turizm texnikumiga aylantirish va uning faoliyatini xalqaro talablar asosida qayta tashkil etish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Bu tashabbus oddiy nom o‘zgarishi emas, balki ta’lim muassasasining mazmun va faoliyat modelini tubdan yangilashni nazarda tutadi. Ya’ni, zamonaviy o‘quv dasturlari, xorijiy tillar, amaliy mashg‘ulotlar, mehmondo‘stlik standartlari, servis madaniyati va xalqaro sertifikatlash tizimlarini ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda Avstriyaning nufuzli IMC Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Universitetning amaliy ta’limga yo‘naltirilgan tajribasi Buxoroda turizm sohasi uchun “o‘qish — amaliyot — ish” tamoyiliga asoslangan samarali kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.
Xorijiy mutaxassislar ayni paytda texnikumning mavjud infratuzilmasi, o‘quv xonalari, laboratoriyalari, oshxona va yotoqxona imkoniyatlarini o‘rganmoqda.
O‘rganishlar natijasida mavjud infratuzilmani xalqaro mezonlarga moslashtirish, zamonaviy o‘quv mehmonxonasi va restoranini tashkil etish, ta’lim jarayonida amaliy mashg‘ulotlar ulushini sezilarli oshirish bo‘yicha takliflar shakllantirilmoqda.
Ayniqsa, Avstriyaning dual ta’lim tizimi tajribasini Buxoroda joriy etish tashabbusi e’tiborga molik. Bunday yondashuvda talaba faqat auditoriyada nazariy bilim olish bilan cheklanmaydi, balki real mehmonxona, restoran va turizm ob’ektlarida kasbiy ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Bu esa bitiruvchining mehnat bozoriga tayyor holda kirib borishi, ish beruvchi uchun esa zarur kompetensiyalarga ega mutaxassisni shakllantirish imkonini beradi.
Uchrashuvda Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik markazini tashkil etish, pedagoglarni xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda “2+2” shaklidagi qo‘shma bakalavriat dasturini amalga oshirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Ayniqsa, pedagoglar malakasini xalqaro darajaga ko‘tarish masalasi strategik ahamiyatga ega. Chunki zamonaviy ta’lim sifati, eng avvalo, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega o‘qituvchiga bog‘liq. Xorijda tajriba orttirgan pedagoglar esa xalqaro standartlarni mahalliy ta’lim jarayoniga tatbiq etishda muhim ko‘prik vazifasini bajaradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri