Matematika – muvaffaqiyat kaliti
Har bir soha rivojida, eng avvalo to‘g‘ri hisob-kitobga tayaniladi. Chunki aniqlik bor joyda natija ko‘rinadi. Buning uchun har bir insonga matematik bilim kerak bo‘ladi. Mashhur faylasuf I.Kant aytganidek, har bir ilmda qancha ko‘p matematika bo‘lsa, shuncha ko‘p haqiqat bor.
Bugungi kunda matematika faniga yoshlarni qiziqtirish uchun yurtimizda qator amaliy ishlar qilinyapti. Ya’ni, matematikaga ixtisoslashtirilgan maxsus maktab hamda oliygohlar tashkil etilgan. Matematikaga qiziqqan yoshlar bilimlarini yanada oshirish uchun esa xalqaro hamkorlik yanada muhim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida “Algebra, analiz, topologiya va hisoblash matematikasining dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi.
[gallery-23671]
Tadbir Toshkent Xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universiteti, Malayziyaning Utara universiteti, Boku davlat universiteti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda algebra, analiz, topologiya, hisoblash matematikasi va unga yaqin sohalardagi eng yangi ilmiy natijalar hamda ularning tatbiqlarini muhokama qilish, matematika sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Bunday halqaro konferensiyalarning o‘tkazilishi sohadagi ilmiy yutuqlar va kashfiyotlar bilan tanishish hamda xalqaro miqyosda tajriba va bilimlar almashishga zamin bo‘ladi.
N.Rahmonova, O‘zA