Mas’uliyat va nazorat kuchaytirilmoqda (+video)
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘p xonadonli uy-joy fondini samarali boshqarish, aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish hamda mulkdorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatining ochiqligi, mas’uliyati va qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Bunda sohani zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, ko‘p xonadonli uylarni professional boshqarish tizimini shakllantirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada nazorat mexanizmlari ham izchil kuchaytirilib, sohada qonun ustuvorligini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan muntazam nazorat-reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
– O‘rganishlar jarayonida Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi boshqaruv servis kompaniyasida bir qator jiddiy kamchilik va qonunbuzilish holatlari aniqlandi, – deydi inspeksiya bosh mutaxassisi Jahongir Idiyev. – Jumladan, aholi murojaatlari hamda favqulodda holatlarga tezkor munosabat bildirish uchun tashkil etilishi lozim bo‘lgan 24/7 avariya-dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yilmagani, mas’ul dispetcher esa tekshiruv vaqtida ish joyida bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, qozonxona faoliyati ko‘zdan kechirilganda ishlar belgilangan talablar darajasida tashkil etilmagani aniqlandi. Xususan, qozonxonaga biriktirilgan shaxs mazkur tashkilot bilan mehnat munosabatlarida emasligi, shuningdek, tegishli malaka sertifikatlari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, qozonxona hududida texnik hamda sanitariya qoidalariga rioya etilmagani ham qayd etildi. Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan boshqaruv servis kompaniyasi rahbariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Albatta, bu kabi nazorat tadbirlari jazolash uchun emas, balki sohada qonunchilik talablarining to‘liq ta’minlanishi, xizmatlar sifati yaxshilanishi va aholining roziligini oshirishga xizmat qiladi. Zero, islohotlarning asosiy maqsadi ham har bir fuqaro o‘z uyida xavfsiz, qulay va munosib sharoitda yashashini ta’minlashdir.
Ko‘p xonadonli uylarni samarali boshqarish, mulkdorlar manfaatlarini ishonchli himoya qilish va sohada shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
<iframe width="916" height="515" src="https://www.youtube.com/embed/Dj1_MOFVpEM" title="Mas’uliyat va nazorat kuchaytirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe> A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri