Interpol: xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar shaxs O‘zbekistonga qaytarildi
Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi Turkiya Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar shaxsni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishga erishdi.
Mazkur natija O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ushlash bo‘yicha tezkor axborot almashinuvining amaliy samarasidir.
Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Turkiyaning Istanbul shahrida yashirinib yurgan xalqaro qidiruvdagi uch nafar shaxsning turgan joyi aniqlanib, ular qo‘lga olindi.
Jumladan, Samarqand viloyatida tug‘ilgan 28 yoshli shaxs jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq og‘ir jinoyatni sodir etganlikda ayblanib xalqaro qidiruvga berilgan edi.
Buxoro viloyatida tug‘ilgan 34 yoshli shaxs esa firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan.
Yana bir holatda esa Toshkent shahrida tug‘ilgan 50 yoshli shaxs yirik miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib xalqaro qidiruvga e’lon qilingan edi.

Qo‘lga olingan shaxslar belgilangan tartibda O‘zbekistonga olib kelinib, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirildi.
Interpolning O‘zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xalqaro hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalangan holda transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish, qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ularni javobgarlikka tortish ishlarini izchil davom ettirmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA