
Ma’lumki keyingi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari, xususan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasida barcha sohalarda bo‘lgani kabi suv xo‘jaligi tizimida ham yaxshi munosabatlar, hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Albatta bir daryodan suv ichib kelgan xalqlarimizning tinchligi va farovonligini ta’minlovchi eng muhim ne’matlardan biri bu – shubhasiz suvdir. Qadimdan ajdodlarimiz obi hayotning har bir tomchisini isrof qilmaslikka, undan unumli foydalanishga da’vat qilishgan. Ular birgalikda daryo va soylarning o‘zanlarini boshqarib, ariqlar qazib, suv chiqarganlar, turli ekinlarni yetishtirib, manzillarni obod etganlar.
Biroq so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosi chuqurlashib bormoqda. Hisob-kitoblarga qaraganda, mintaqaning ayrim hududlarida 2040 yilga borib suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj uch barobarga oshadi. Vaqt o‘tishi bilan iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foizini tashkil etishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hozirning o‘zidayoq mintaqa davlatlari suv resurslari taqchilligi va undan samarasiz foydalanish oqibatida yiliga 2 mlrd dollargacha mablag‘ yo‘qotayotganidan ogohlantirmoqda. Albatta ushbu muammolarni birgalikda, maslahatlashib hal etish mumkin.
Poytaxtimizda o‘tkazilgan Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha mitaqaviy seminarda ham ayni shu masalalar xalqaro tashkilot ekspertlari, soha mutaxassislari, olimlar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi. Maqsad mintaqadagi suvni taqsimlash sohasida, ekologik muammolarni bahamjihatlikda hal qilish, transchegaraviy suvlardan oqilona va omilkorlik bilan foydalanish bo‘yicha zarur tavsiyalar va hujjatlarni ishlab chiqishdir.
- Mazkur tadbir Xalqaro suvlarni baholash markazi tomonidan tashkil etildi, -deydi BMT Yevropa komissiyasining Transchegaraviy suvlar bo‘yicha komissiyasi kotibiyati huquqshunosi Yuliya Trombitsskaya. - Seminar BMTning 2030 yilda Markaziy Osiyo davlatlarining barqaror rivojlanish dasturi doirasida o‘tkazilmoqda va Markaziy Osiyo mintaqasida transchegaraviy suvlardan foydalanishda hamkorlik masalalarini qamrab oladi. Aytish mumkinki bu masala doimo mintaqa davlatlari uchun dolzarb bo‘lib kelgan. Bu yerda biz global monitoring natijalarini muhokama qilamiz. Ushbu davlatlar o‘z hisobotlarini e’lon qilgan bo‘lsalarda, transchegaraviy suvlar borasida xal etilmagan muammolar juda ko‘p. O‘rganishlar va olib borilgan tadqiqotlar natijasida hozirda transchegaraviy suvlardan foydalanishda aniq bir to‘xtamlar bor. Lekin yer osti suvlaridan foydalanishda hali qilinadigan ishlar talaygina. Transchegaraviy suvlardan foydalanishda hamkorlikni kengaytirish masalasi ham bugungi seminar kun tartibidan alohida o‘rin olgan. Muhimi ana shu hamkorlikning mstahkamlanishi transchegaraviy daryo va ko‘llardan hamda yer osti suvlaridan oqilona va to‘g‘ri foydalanishga xizmat qiladi.
Albatta sohadagi hisobdorlik transchegaraviy suvlardan foydalanuvchi Markaziy Osiyo davlatlari uchun o‘zaro ishonchni mustahkamlashga, birgalikda suv resurslarini boshqarishda, uzoq muddatli strategiyalar ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
- Bu sohada davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik juda muhim, - deydi BMTning mintaqaviy koordinatori Sabina Mishel. - Chunki, uzoq o‘rganishlar va kuzatuvlar davomida yig‘ilgan fikrlar, Markaziy Osiyo davlatlari ekspertlari ilmiy xulosalari albatta kelgusida shu yo‘nalishda ishlayotgan xalqaro tashkilotlar ekspertlari tomonidan tahlil qilinadi va yakunida tavsiyalar ishlab chiqiladi. Ushbu tavsiyalar transchegaraviy suvlardan foydalanuvchi davlatlar uchun ko‘plab muammolar yechimiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1lc1ByrRLrA" title="Markaziy Osiyo mintaqasida suv xoʻjaligidagi hamkorlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Ikki kun davom etadigan seminarda mintaqa davlatlari mas’ul idora va tashkilotlari, soha mutaxasislari yer osti va yer usti suv resurslaridan foydalanishda aniq mexanizmlarni taqdim etadilar, xalqaro va jamoat tashkilotlarini jalb qilgan holda sohadagi asosiy muammolarni tahlil qilib, transchegaraviy daryo va ko‘llardan foydlanishda hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan chora-tadbirlarni ishlab chiqadilar.
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA