Statsionar xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalariga rahbar tayinlash shartlari belgilandi
Prezidentning “Sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2027-yildan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi statsionar xizmat ko‘rsatuvchi respublika va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalariga rahbarlar quyidagi shartlar asosida lavozimga tayinlanadi:
mehnat shartnomasi 5 yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi;
lavozimga tayinlangandan so‘ng:
olti oy muddatda tibbiyot muassasasini rivojlantirish dasturini (biznes-reja) ishlab chiqadi va Sog‘liqni saqlash vazirligida himoya qiladi;
bir yil muddatda tibbiyot menejmenti va moliyaviy boshqaruv bo‘yicha malaka oshirishi talab etiladi;
tibbiy amaliyot bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi (alohida hollarda sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan ilmiy-amaliy maqsadlar uchun tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi mumkin);
faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) (tibbiy xizmat sifati, moliyaviy intizom, boshqaruv samaradorligi, raqamlashtirish, kadrlar siyosati va boshqa ko‘rsatkichlar) asosida baholanadi hamda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilmagan taqdirda mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinadi.
2027-yil 1-yanvardan boshlab:
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladigan barcha tibbiyot muassasalarining shtat me’yorlari ajratilgan mablag‘lar doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi va ular uchun tasdiqlangan shtat me’yorlari tavsiyaviy hisoblanadi;
Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali moliyalashtiriladigan barcha tibbiyot muassasalari uchun ajratilgan mablag‘larning yil yakuni bo‘yicha qoldig‘i olib qo‘yilmaydi hamda keyingi moliya yili uchun muassasaning biznes-rejasini tuzishda inobatga olinadi.
O‘zA