Qahramonlar xotirasiga bag‘ishlangan kitob taqdimoti
9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida xizmat burchini ado etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasiga bag‘ishlangan “Bizning qahramonlar” nomli kitob-albom taqdimoti o‘tkazildi.
Asarda Milliy gvardiya tizimida xizmat qilgan, Vatan himoyasi yo‘lida jonini fido etgan mard o‘g‘lonlarning hayot yo‘li, jasorati va sadoqati hujjatli materiallar asosida yoritilgan.
So‘zga chiqqanlar qahramonlar xotirasi xalq qalbida abadiy yashashini, ularning jasorati esa yosh avlod uchun vatanparvarlik va sadoqat maktabi ekanini ta’kidladilar. Shu bilan birga, tinchlikni asrash har bir avlodning muqaddas burchi ekani qayd etildi.
– Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar Vatan himoyasi yo‘lida jonini fido etgan qahramonlar xotirasini ulug‘lash bilan birga, yosh avlodda vatanparvarlik, sadoqat va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlaydi. “Bizning qahramonlar” kabi kitob-albomlar esa faqat xotira emas, balki harbiy xizmatchilar va yoshlar uchun ibrat maktabidir. Unda mujassam bo‘lgan jasorat va fidoyilik namunalari barchamiz uchun hayot sabog‘i bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, qahramonlar nomi va xotirasi xalq qalbida abadiy yashashi kerak, — dedi Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Nizomiddin Abduvaliyev.
“Bizning qahramonlar” xotira kitobining bir nusxasi Sardoba suv omboridagi texnogen ofat oqibatlarini bartaraf etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi, jangovar otryad muhandis-sapyor guruhi mutaxassisi, III darajali serjant Husniddin Suyarovning oilasiga tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda marhumning otasi Zokir Suyarov so‘zga chiqib, farzandi xotirasini ulug‘lash va uning xizmatlariga berilayotgan yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
– O‘g‘limning xotirasi unutilmayotgani, uning jasorati e’tirof etilayotgani biz uchun katta taskin va iftixordir. Bunday e’tiborni oilamiz nomidan samimiy qabul qilamiz, – dedi Zokir Suyarov.
Husniddin Suyarov 1989-yil 6-iyulda Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida tug‘ilgan. U 2007-yilda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida xizmatni boshlab, keyinchalik Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasida muhandis-sapyor sifatida faoliyat yuritgan.
2020-yil 1-may kuni Sardoba suv omborida yuz bergan texnogen falokat vaqtida u qutqaruv ishlarida faol ishtirok etib, xizmat burchini ado etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan.
[gallery-29250]
U vafotidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan “Jasorat” medali, shuningdek. Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘iga asosan I darajali “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan.
Shuningdek, uning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Boyovut tumanidagi 4-sonli umumta’lim maktabi hududida barelef o‘rnatilgan.
Tadbir ishtirokchilari “Bizning qahramonlar” xotira kitobi yosh avlodni vatanparvarlik, burch va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ma’naviy ahamiyat kasb etishini, shuningdek, qahramonlar jasoratini unutmaslik va ularning nomini abadiylashtirishda ibrat va tarbiyaviy manba bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA