Maqsadimiz – xalqimiz turmush darajasini yuksaltirish
Suv - obi hayot. Shu bois inson salomatligi ham iste’mol qilinadigan suv sifatiga bevosita bog‘liq. Keyingi yillarda hukumatimiz tomonidan xalqimizni markazlashgan ichimlik suvi va oqova suv xizmati bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha yuritilayotgan siyosat ham yurtdoshlarimiz sog‘ligini asrashga xizmat qiladi. Ushbu siyosatning ijobiy samarasini Xorazm viloyati misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
O‘tgan so‘nggi 9 yilda viloyatda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmati ko‘rsatishni yaxshilashga jami 1,467 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu davrda 4,8 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 247 kilometr oqova suv tarmoqlari, 105 ta ichimlik suvi hamda 47 ta oqova suv inshootlari qurilib, foydalanishga topshirildi. Agar 2016-yil holatiga ko‘ra, viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 52,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib mazkur ko‘rsatkich 91,8 foizga yetkazildi.
Ushbu siyosat joriy yilda ham izchil davom ettirilib, davlat dasturlari doirasida qariyb 157,2 kilometr ichimlik va oqova suv tarmog‘i yotqizish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda 8 ta dastur doirasida jami 20 ta ob’ektda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Xususan, 2025-yil 27-dekabrdagi davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan 11 ta ob’ektda qariyb 109 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari yotqizildi. Qurilish ishlari nihoyasiga yetgach 26 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suv bilan ta’minlanib, 699 ming nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi.
Misollarga murojaat qilsak, “Kaparass” nasos stansiyasidan suv taqsimlash kamerasigacha ikkinchi tarmoq ichimlik suv quvuri qurilishi natijasida Xorazm viloyatining sharqida joylashgan 5 ta tumanini ichimlik suv bilan ta’minlayotgan Pitnak suv tozalash inshootiga kelayotgan suv hajmi ortadi.
Shuningdek, yaqinda Hazorasp tumanida Amudaryo, Bog‘i eram, Karvak va Mustaqillik mahallalarida 57 kilometr tarmoq tortilishi natijasida 2 ming 350 ta xonadon ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi va suv ta’minoti yaxshilandi. Xususan, Amudaryo mahallasida ham 13 kilometr tarmoq tortilib, 628 ta xonadon ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, viloyatimizda oqova suv tarmoqlarini kengaytirish, xalqimizning markazlashgan oqova suv xizmati bilan ta’minlanganlik darajasini yaxshilash bo‘yicha ham keng miqyosda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Xususan, keyingi 3-4 yilda Xonqa, Bog‘ot, Yangiariq, Qo‘shko‘pir, Shovot va Hazorasp tumanlarida oqova suv tizimlari kengaytirildi va zamonaviy oqova suv tozalash inshootlari bunyod etilib, oqova suvning atrof muhitga ziyon yetkazishiga to‘la barham berildi. Har biri o‘nlab kilometr tarmoq, oqova suv haydash va oqova suv tozalash inshootlarini o‘z ichiga olgan ushbu markazlashgan tizimlarning ishga tushirilishi natijasida tumanlarimizda ham zamonaviy ko‘p qavatli uylar soni orta boradi.
Bundan tashqari, ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash va kengaytirishga chet el moliya institutlari mablag‘lari jalb qilinayotganligi ham viloyatda aholi turmush darajasini oshirish vazifasi hukumat siyosatida ustuvorlik kasb etayotganligining yana bir dalilidir.
Viloyatda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilash borasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida qiymati 150 mln dollarga teng bo‘lgan 2 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. “Xorazm viloyati ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini modernizatsiya qilish” loyihasiga ajratilgan mablag‘ning 60 million AQSH dollari Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kredit mablag‘lari hisoblanadi. Ushbu loyiha bo‘yicha viloyatda umumiy quvvati kuniga 450 ming metr kub bo‘lgan 2 ta suv tozalash inshootini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, viloyat aholisiga ichimlik suvi yetkazib beruvchi, quvvati kuniga 200 ming metr kub bo‘lgan Pitnak shahar ichimlik suvi tozalash inshootini rekonstruksiya qilish va quvvatini 400 ming metr kubga yetkazish, ichimlik suvi ta’minotida yo‘qotishlarning oldini olish maqsadida gidravlik modul hamda masofadan boshqarish tizimini joriy qilish, Xiva, Pitnak shaharlarida umumiy quvvati sutkasiga 15 ming metr kub bo‘lgan kanalizatsiya inshootlarini qurib ishga tushirish mo‘ljallangan. Bu ishlar yakuniga yetgach viloyatda 600 ming nafardan ziyod aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi.
Ilgari viloyatda me’yorda ishlaydigan kanalizatsiya tizimi faqat Urganch shahridagina mavjud edi. Keyingi yillarda viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham oqova suvlarni tozalash inshootlari va tarmoqlari qurila boshlandi.
Viloyatda oqova suvlarni tozalash bo‘yicha eng yirik loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilmoqda. “Xorazm viloyatining kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasi bo‘yicha 90 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘ini jalb etish hisobiga viloyatda 88 kilometr oqova suv tarmoqlari, umumiy quvvati sutkasiga 34 ming metr kub bo‘lgan 1 ta oqova suv tozalash inshooti va 21 ta oqova suv nasos stansiyasi quriladi. Shuningdek, 129,5 kilometr oqova suv kollektorlari, 13 ta oqova suv nasos stansiyasi rekonstruksiya qilinadi.
Bundan tashqari, Gurlan tumanida ilk bor markazlashgan kanalizatsiya tizimi qurilishi boshlab yuborildi. Loyiha doirasida quvvati 5 ming metr kub bo‘lgan yangi oqova suv tozalash inshooti, 4 ta oqova suv haydash inshooti va 45 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari qurib bitkaziladi. Natijada tumandagi 20 mingdan ortiq aholi oqova suv xizmati bilan ta’minlanadi.
Xususan, ayni kunlarda Urganch shahrida kanalizatsiya tizimlarini kengaytirish bo‘yicha Xitoyning “Zhongmei Engineering Group Ltd” kompaniyasi tomonidan qurilish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumki, kuz-qish mavsumi ichimlik suv ta’minoti uchun chinakam sinov davri hisoblanadi. Shu boisdan ham qahraton qishda ichimlik va oqova suv tizimlari faoliyatida uzilish bo‘lmasligi uchun kuzning ayni issiq kunlarida mavsumga belgilangan reja asosida puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Chora-tadbirlar doirasida 40,5 kilometr suv tarmoqlari va mavjud 22 ta nasos agregatini joriy va mukammal ta’mirlash bo‘yicha jadal ish olib borilmoqda.
Viloyat hududidagi ichimlik suv tarmoqlarida hamda inshootlarida yuz beradigan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida joriy yilda avariya tuzatish brigadalar soni 16 tadan 20 taga va ularga biriktirilgan chilangar ishchilar soni 76 tadan 104 nafarga oshirildi.
Maxsus texnikalar soni 20 tadan, 46 taga yetkazildi. Avariya tuzatish brigadalari a’zolari maxsus kiyim, himoya vositalari va avariya tuzatish uchun maxsus jihozlar bilan ta’minlandi. Qish kunlarida tarmoqda yuzaga keluvchi nosozliklarni bartaraf qilish uchun zarur materiallar zaxirasi ham jamlab qo‘yildi.
Xorazm viloyatida aholining markazlashgan ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmati bilan ta’minlanganlik darajasini yaxshilash, shuningdek, tarmoqlarning uzluksiz ishlashi, xalq va davlat ishonchini oqlash uchun soha xodimlari azmu shijoat bilan mehnat qilmoqdalar.
Atabek Qadirov,
“Xorazm suv ta’minoti” AJ direktori.
O‘zA