Suv ta’minotda barqarorlik va energiya samaradorligi – ustuvor vazifa
Bugungi kunda aholini sifatli va barqaror ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv tarmoqlarining ishonchliligini oshirish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish hamda elektr quvvati sarfini kamaytirish suv ta’minoti tizimi oldidagi muhim vazifalardan biridir.
“Samarqand suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Asosiy e’tibor suv inshootlarini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish va iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan.
Suv ta’minoti qamrovi kengaymoqda
2026-yilning dastlabki 8 oyi yakunlariga ko‘ra, Samarqand viloyatidagi 1079 mahallaning 80,5 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Shundan 541 ta mahalla to‘liq, 456 tasi qisman ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 82 ta mahallada aholi muqobil manbalardan foydalanmoqda.
Viloyatda jami 2047 ta ichimlik suvi inshooti hamda 8039,5 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari mavjud. Ularning bir qismi uzoq yillar avval qurilganligi sababli rekonstruksiya va modernizatsiya qilinishi zarur. Joriy yilda barcha dasturlar doirasida jami 539,3 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 174 ta ichimlik va oqova suv inshooti hamda 1435 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu paytgacha 358 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 144 ta inshoot hamda 1 284,6 kilometr tarmoq qurildi. Yil yakuniga qadar yana 274,4 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 67 ta ichimlik va oqova suv inshooti hamda 404 kilometr tarmoqni qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Natijada yil yakuniga qadar 185 mahalladagi 86,1 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 72,7 ming nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanadi. Viloyatda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 80,5 foizdan 82,5 foizga yetkaziladi.
Oqova suv ta’minoti yo‘nalishida esa 21,5 ming nafar aholini ilk bor oqova suv xizmatlari bilan qamrab olish, 8,5 ming nafar aholining oqova suv tizimini yaxshilash va qamrov darajasini 23,7 foizdan 24,7 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Urgut va Oqdaryoda amaliy ishlar davom etmoqda
Ichimlik suvi ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarni aniqlash va muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish maqsadida viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda Urgut tumanidagi mahallalarda xatlov ishlari olib borildi. Xatlov natijalariga ko‘ra, 4,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan Quyiqishloq-1, Quyiqishloq-2, Ipakli, Mingtepa, Taroqli, Yangiobod, Bunyodkor, G‘oyib ota, Mustaqillik va Uzun mahallalarida 62,1 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i qurildi. Shuningdek, 11 ta suv inshooti rekonstruksiya qilindi yoki yangidan barpo etildi. Ayni paytda Quyi Algar, Tinchlik, So‘fi, Etak Beshkapa va Yuqori Tegana mahallalarida 16,5 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i qurish hamda 5 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish va yangidan qurish ishlari olib borilmoqda.

Oqdaryo tumanining Boshdarxon mahallasida ham Boshdarxon va Jo‘raboy qishloqlarini qamrab olgan 13,5 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini qurish, shuningdek, 2 ta suv inshootini rekonstruksiya qilish va yangidan qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Energiya tejamkor texnologiyalar – asosiy yo‘nalish
Suv ta’minoti tizimida energiya sarfi katta bo‘lgan asosiy jarayonlardan biri suvni nasoslar orqali uzatish hisoblanadi. Shu bois eskirgan uskunalarni zamonaviy va energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunga qadar jamiyat tasarrufidagi 151 ta suv inshootiga energiya tejamkor nasoslar o‘rnatildi. Yil yakuniga qadar yana 72 ta shunday nasos o‘rnatish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 216 ta suv inshootida masofadan boshqarish tizimi joriy etildi. Yil yakuniga qadar yana 412 ta yakka suv olish inshootini ushbu tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Elektr quvvatidan samarali foydalanish maqsadida shahar va tumanlardagi suv inshootlarida reaktiv energiyani kompensatsiya qiluvchi qurilmalar ham o‘rnatilmoqda. Hozirga qadar 12 ta inshootda jami 120 kVA quvvatga ega qurilmalar o‘rnatildi.
Nasoslarning ish rejimini samarali boshqarish uchun 44 ta suv inshootiga chastota rostlagichlari qo‘yildi. Yil yakuniga qadar yana 25 ta inshootga chastota rostlagichlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, jamiyat tasarrufidagi 205 ta elektr hisoblagich zamonaviy ASKUE talablariga mos qurilmalarga almashtirildi.
Energiya sarfini kamaytirish va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish maqsadida suv ta’minoti ob’ektlariga quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish ishlari ham olib borilmoqda.

Jumladan, Jomboy tumani filialiga qarashli “Quduqli” suv inshootiga 200 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatildi. Mazkur quyosh panellari bir oyda o‘rtacha 27,7 ming kVt·soat elektr quvvati ishlab chiqarib, taxminan 22 million so‘mlik elektr energiyasini tejash imkonini bermoqda. Natijada “Quduqli” markaziy suv inshootining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 90 foizi quyosh energiyasi hisobidan qoplanmoqda.
Yil yakuniga qadar Bulung‘ur tumani filialiga qarashli suv inshootlariga 500 kVt quvvatga ega quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, “ZOS” oqova suvlarni tozalash, “Mulyon” suv hamda “Farhod” oqova suvlarni tozalash inshootlarida jami 1,9 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan esa shahar va tuman filiallaridagi suv inshootlariga har biri 20 kVt quvvatga ega 16 ta, jami 320 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Ko‘rilayotgan choralar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Misol uchun, 2025-yilning 7 oyida “Samarqand suv ta’minoti” AJ tomonidan 53,5 million kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilingan bo‘lsa, 2026-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 49,512 million kVt·soatni tashkil etdi.
“Samarqand suv ta’minoti” AJ uchun asosiy maqsad aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv ta’minoti tizimining barqarorligini oshirish va mavjud resurslardan samarali foydalanishdir.
Bu yo‘lda eskirgan infratuzilmani yangilash, energiya tejamkor uskunalarni joriy etish, quyosh energiyasidan foydalanishni kengaytirish, suv inshootlarini masofadan boshqarish imkoniyatlarini oshirish hamda ichimlik suvi sifatini zamonaviy laboratoriya nazorati orqali ta’minlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
Tolib Boboyev,
“Samarqand suv ta’minoti” AJ direktori.
O‘zA