Suv — farovonlik manbai
Yurtimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda inson uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktabrda qabul qilingan “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan mamlakatimiz hududlarida amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur qarorda belgilangan vazifalarning hayotdagi amaliy ifodasi Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ayniqsa, mamlakatimiz Mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olish arafasida aholining hayot sifatini yuksaltirishga qaratilgan infratuzilmaviy loyihalar yanada jadallashgani hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining ko‘lamini kengaytirmoqda.

Xususan, tumanning Birlik mahallasida aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida umumiy uzunligi 18,5 kilometr bo‘lgan yangi ichimlik suvi tarmog‘ini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyiha nafaqat mavjud suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni bosqichma-bosqich hal etish, balki mahalla aholisi uchun yanada qulay va munosib yashash sharoitini yaratishga ham xizmat qiladi.

Ayni vaqtda mutaxassislar tomonidan quvurlarni yotqizish, tarmoqlarni o‘zaro ulash hamda barcha texnik jarayonlarni belgilangan talablar asosida sifatli bajarish choralari ko‘rilmoqda. Qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlangach, yuzlab xonadonlarning ichimlik suvi ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda.

Eng muhimi, bunday infratuzilma loyihalari oddiy qurilish ishlarigina emas, balki inson qadrini yuksaltirish, aholining kundalik ehtiyojlarini ta’minlash va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli davlat siyosatining amaliy natijasidir. Zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish orqali mahallalar yanada obodonlashib, fuqarolarning turmush sifati kun sayin yaxshilanmoqda.

Zafarobod tumanida bu kabi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining izchil davom etayotgani mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning hududlardagi samarasini yana bir bor tasdiqlaydi. Inson manfaati va xalq farovonligini ustuvor maqsad sifatida belgilagan mazkur loyihalar Mustaqilligimizning 35 yilligini munosib kutib olish bilan birga, kelgusi taraqqiyot uchun ham mustahkam infratuzilmaviy poydevor yaratayotgani bilan ahamiyatlidir.
Abdujalol Qayumov,O‘zA muxbiri