Maqsad – zamonaviy, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash
Samarqand viloyatida 180 ga yaqin o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi, jumladan, 14 akademik litsey faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu ta’lim muassasalarini har yili 50 mingdan ortiq yoshlar bitiradi.
Samarqand viloyatida 180 ga yaqin o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasi, jumladan, 14 akademik litsey faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu ta’lim muassasalarini har yili 50 mingdan ortiq yoshlar bitiradi. Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining asosiy qismi kichik mutaxassislik diplomi bilan mehnat faoliyatini boshlayotgan bo‘lsa, akademik litseyni tugatgan yigit-qizlar tahsilni oliy o‘quv yurtlarida davom ettirish maqsadida test sinovlari topshiradi. Lekin akademik litsey bitiruvchilarining barchasi ham bu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalik baxtiga erishayotgani yo‘q.Xo‘sh, o‘qishga kira olmagan bitiruvchilarning keyingi taqdiri qanday bo‘ladi? Ularning ayrimlari keyingi yili oliy o‘quv yurtiga qayta hujjat topshirar. Bunga ishtiyoqi yo‘q yoshlar-chi? Qo‘lida na bir hunari, na bir mutaxassislik diplomi bo‘lmagan yigit-qizlar nima ish bilan mashg‘ul bo‘ladi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 14-martdagi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yoshlar kelajagi, ertangi kuni bilan bog‘liq shu kabi masalalarga yechim topishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Yurtimizda mavjud akademik litseylar faoliyatini o‘rganish, ular joylashgan hududning demografik, iqtisodiy va boshqa omillari hamda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish holati tahlili natijalari asosida ushbu qaror bilan moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan ayrim akademik litseylar tugatiladigan bo‘ldi, – deydi Samarqand viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yo‘ldoshev. – Shuningdek, oliy ta’lim muassasalaridan uzoqda joylashgan, ta’lim sifati va bitiruvchilarining institut va universitetlarga o‘qishga kirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan 54 akademik litsey bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejiga aylantirilishi belgilandi. Jumladan, 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti qoshidagi 2-akademik litsey hamda Samarqand qishloq xo‘jalik instituti qoshidagi 2-akademik litsey tugatiladi va ularga o‘quvchilarni qabul qilish to‘xtatiladi. Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshidagi 2-akademik litsey esa Samarqand xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejiga aylantiriladi. Yana ikki akademik litsey negizida bosqichma-bosqich kasb-hunar kolleji tashkil etiladi.
Ahamiyatli tomoni, qarorda akademik litseylarda o‘quv jarayoni sifati va samaradorligini yanada oshirish, muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, pedagog kadrlarni tanlash va ular mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish, litsey bitiruvchilariga diplom bilan birga aniq mutaxassisliklar bo‘yicha davlat namunasidagi sertifikat berish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
Xususan, akademik litseylarga umumta’lim maktablarining eng iste’dodli o‘quvchilarini tanlab olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi hamda ta’lim jarayoni ilg‘or mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalari tajribasi hisobga olingan holda tashkil etiladi. Ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablari akademik litseylarga biriktiriladi. O‘quv guruhlaridagi o‘quvchilar soni 26 nafardan oshmaydi. Chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladigan fanlar (ta’lim yo‘nalishlari) bo‘yicha amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari ikki kichik guruhga bo‘lish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘quvchilarni umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar bilan ta’minlash ijara tizimi asosida amalga oshirilishi belgilandi. Kam ta’minlangan oilalar farzandlari esa darsliklar bilan byudjet hisobidan bepul ta’minlanadi.
Endi akademik litseylarga pedagoglarni tanlab olishda ularning oliy ma’lumotli va kamida 5-yillik uzluksiz pedagogik ish stajiga ega bo‘lishi talab etiladi. Muassasa direktorligi uchun nomzodlar esa akademik litsey biriktirilgan oliy o‘quv yurti rektori tomonidan tavsiya qilinadi. Muhim yangiliklardan yana biri, oliy ta’lim muassasalaridan akademik litseyga o‘qituvchilik faoliyatiga jalb etiladigan professor-o‘qituvchilar mehnatiga soatbay haq to‘lash miqdori oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlariga to‘lanadigan soatbay haq bilan bir xil etib belgilanishidir.
Davlatimiz rahbarining mazkur qarori ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarib, akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish, ushbu maskanlarda tahsil olgan yoshlarning o‘zlari tanlagan kasb va mutaxassislikni egallashga bo‘lgan orzu-intilishlariga erishishi uchun yanada keng sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.