Navoiy mashinasozlik zavodida “Mahalliylashtirish dasturi ijrosi bo‘yicha kombinatda olib borilayotgan ishlar, qo‘lga kiritilgan natijalar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda “NKMK” AJ mas’ullari tizimda mahalliylashtirish dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Ta’kidlandiki, mahalliylashtirish dasturi kombinatda muhim o‘rin tutadi. Ishlab chiqilgan dasturlar, yo‘l xaritalari hisobiga yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish, kooperatsion aloqalar geografiyasini kengaytirish yildan-yilga rivojlanmoqda. Jumladan, 2008-2022 yillarda kombinatda qariyb 1,5 mingga yaqin yangi mahsulot turlari o‘zlashtirilgani, 400 million dollardan ortiq valyuta iqtisod qilingani buning isbotidir.

Yakunlanib borayotgan 2022 yilda 167 ta loyiha doirasida 550 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarildi.
Navoiy mashinasozlik zavodi quvvatining kengaytirilishi hisobiga shu yilning o‘zida yirik hajmli sharli tegirmonlar, yangi turdagi nasoslar, dastgohlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

– Joriy yilda sanoat kooperatsiyasi doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 4,8 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilindi, – deydi Xaridlarni tashkil etish va metodologiyasini takomillashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ma’rufjon Amonov. – Bu borada kombinat tashabbusi bilan respublikada birinchi bo‘lib import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha “Shatakka olish” mexanizmi joriy etilib, “Gidro Stanko Servis” MCHJ, “Navpromlitmash” MCHJ, “Aziya gormash” MCHJ QK, “Karmana sharqona invest” MCHJ, “Latem metall” MCHJ va boshqa shu kabi korxonalar bilan samarali hamkorlik davom etmoqda.

Matbuot anjumanida joriy yil yakuniga qadar kombinatda kooperatsiyani kengaytirish evaziga importni qisqartirish maqsadli ko‘rsatkichlarini 55,7 million dollarga yetkazish rejalashtirilgani, yil davomida o‘tkazilgan hududiy yarmarkalar doirasida jami 2,7 trillion so‘mlik 2 ming 321 ta shartnoma imzolanib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni mahalliy korxonalarda o‘zlashtirish va kooperatsiya aloqalari asosida xarid qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani aytildi.
OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar javob qaytardi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA