Keyingi yillarda mahallani jamiyat boshqaruvining xalq qadriyatlariga asoslangan tizimi sifatida rivojlantirish maqsadida ko‘plab qonunchilik hujjatlari qabul qilindi, ularga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritildi va bu boradagi tashkiliy-huquqiy asoslar yanada takomillashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek, milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishi belgilangan.
Shuningdek, davlat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashishi qayd etilgan.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovi esa 2018 yil 15 oktyabrda qabul qilingan “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonun asosida tartibga solinadi. Mazkur qonunga keyingi yillarda mahallalar raislari saylovi tizimini yanada takomillashtirishga oid bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Ma’lumki, mahalla raisi saylanadigan fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan tartibda chaqiriladi va o‘tkaziladi.
“Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunga shu yilning 11 fevral kuni kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raislarining vakolat muddatini uch yildan besh yilga uzaytirish, bo‘shab qolgan o‘rinlarga esa fuqarolar yig‘inlari raislarini besh yil muddatga saylash nazarda tutilgan.
Albatta mahalla raislarining vakolat muddatini uzaytirishning o‘ziga xos sabablari ham bor. Asosiy sabablardan biri shuki, bugungi kunda aholi farovonligini oshirishga oid juda ko‘plab masalalar mahallalarda hal etilyapti. Shuningdek, davlat hokimiyatiga tegishli bir qator vazifalar ijrosini ta’minlash ham mahallalar zimmasiga yuklatilgan. Mazkur masalalarni hal etish maqsadida “mahalla yettiligi” tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, tizimda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar sezilarli darajada ko‘paygan. Har bir yo‘nalish bo‘yicha vazifalarni to‘g‘ri taqsimlash, “mahalla yettiligi” xodimlarining ish faoliyatini muvofiqlashtirish, aholi bilan yaqin muloqot o‘rnatish, hududdagi muammolarni hal etish uchun mahalla raisidan katta tajriba va mahorat, odamlar kayfiyati hamda yashash tarzini yaxshi bilishi talab qilinadi.
Bunday tajriba esa qisqa muddatda orttirilmaydi, qolaversa, uch yil muddat raislarning o‘z bilim va boshqaruv qobiliyatlarini to‘liq namoyon etishi uchun ham yetarli emasligini bugungi amaliyotning o‘zi ko‘rsatmoqda.
Qonunga kiritilgan yangi o‘zgartishlarga muvofiq fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati besh yilga uzaytirilishi esa ularga o‘zining tajriba va mahoratini to‘liq namoyon etishi uchun imkon beradi.
Yana shuni ta’kidlash joizki, vakolat muddati uzaytirilishini mahalla raislari o‘zi uchun imkoniyat va katta mas’uliyat sifatida qabul qilishi lozim. Ayrim o‘rinlarda uchrayotgan o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarash, bilim va tajribalarini orttirish ustida ishlamaslik kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Bundan tashqari, “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar vakolatlari aniqlashtirildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga o‘tkazildi.
Shuning bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarining nomi mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari sifatida o‘zgartirildi.
Qonunga kiritilgan ushbu o‘zgartishlar fuqarolar yig‘inlari raislari faoliyatini hamda joriy yil may oyida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar ishini samarali amalga oshirishga yordam beradi. Shuningdek, mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlarining saylovni tashkil etish va o‘tkazish borasida mas’uliyatini oshiradi hamda bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘ini raisi saylovi o‘z vaqtida o‘tkazilishini kafolatlaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilgi saylovlarda Qashqadaryodagi 828 ta fuqarolar yig‘ini raislari saylanishi nazarda tutilgan. Aholi tomonidan ushbu vazifaga munosib nomzodlar ko‘rsatilishi esa yurtimizdagi dunyoda muqobili yo‘q o‘zini o‘zi boshqarish tizimi – mahalla institutining mavqeini oshirishga, fuqarolar yig‘inlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning to‘laqonli hamda sifatli bajarilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Yana bir masala xususida to‘xtalish o‘rinliki, 2022 yilda o‘zini-o‘zi boshqarish organlarida o‘tkazilgan saylovda saylangan bir qator fuqarolar yig‘inlari raislarining muddatidan oldin o‘z vakolatlarini topshirganlik holatlari kuzatilgan. Bu esa mahalla raisi saylovi arafasida turgan fuqarolardan munosib nomzodlarni tanlash borasida mas’uliyatli bo‘lish va barcha odamlar ushbu jarayonga o‘zini daxldor deb bilishi muhimligini ko‘rsatib turibdi.
Shu jihatdan olganda, joylarda ko‘maklashuvchi komissiyalar, ishchi guruhlari a’zolari, mahallalar faollari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunining yangi tahriri mazmun-mohiyati yuzasidan targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirilishi muhim hisoblanadi.
Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida saylov huquqiga ega va saylov kuniga qadar 18 yoshga to‘ladigan 2 millionga yaqin fuqarolar bo‘lib, ularning 240 ming nafarga yaqini vakil sifatida bevosita fuqarolar yig‘inlari raislari saylovida ovoz berishda ishtirok etishi kutilyapti.
Shu o‘rinda eslatish o‘rinliki, “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq muayyan hududda yashovchi saylov huquqiga ega fuqarolarning kamida 12 foizi (undan ortiq bo‘lishi ham mumkin) ushbu jarayonga jalb etilishi lozim. Ularning uchdan ikki qismi ovoz berishda hozir bo‘lsagina saylov o‘tgan hisoblanadi, agar ovoz beruvchilar soni kam bo‘lsa saylov o‘tmagan deb topiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu yilgi fuqarolar yig‘inlari raislari saylovi qonunchilikka kiritilgan xolislik, shaffoflik, tenglik, muqobillik tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan qator demokratik o‘zgarishlar asosida o‘tadi.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA