Mahalla aholisi murojaatlari o‘rganildi
Milliy gvardiya tashabbusi va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida mahallada obodonlashtirish, xavfsizlikni ta’minlash, aholi murojaatlarini o‘rganish hamda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirildi.
Yunusobod tumanidagi Yangi tarnov mahallasida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar hudud aholisi hayotida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.

Avvalo, mahalla hududida aholi uchun munosib va qulay yashash muhitini yaratish maqsadida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Mahalla aholisi tomonidan bildirilayotgan ijobiy fikrlar olib borilayotgan ishlar samarasining yaqqol tasdig‘idir.

— “Uzoq yillardan beri ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan ayrim joylar tartibga keltirilib, chiqindilar tozalandi, hududning umumiy qiyofasi yaxshilandi, — deydi mahalla raisi Zokirjon Tursunov. — Bolalar va yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun mahalladagi futbol hamda o‘yin maydonchalari ham to‘liq ta’mirlandi. Endi mahalla yoshlari bo‘sh vaqtlarini xavfsiz va zamonaviy sharoitlarda sport bilan shug‘ullangan holda o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar doirasida aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash maqsadida sayyor qabul ham tashkil etildi. Shu bilan birga, salomatlikni tiklash bo‘yicha qilingan ayrim murojaatlar Milliy gvardiya rahbariyati tomonidan alohida nazoratga olinib, mutaxassis shifokorlar yordamida zarur tibbiy ko‘mak tashkil etilishi belgilandi. Ko‘plab murojaatlar esa mutasaddilar tomonidan shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Milliy gvardiya ishchi guruhi tomonidan fuqarolarning murojaat va takliflari atroflicha o‘rganilib, dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
N.Rahmonova,
O‘zA