Kutubxona fondi 1000 ta kitobga boyidi
Bilimlar kuni munosabati bilan Shirin shahridagi 4-sonli umumta’lim maktabining kutubxonasi yangi adabiyotlar bilan boyitildi.
«1 kunda — 1000 kitob» aksiyasi doirasida Sirdaryo IES direktori, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Bahrom Sobirov tashabbusi bilan maktab kutubxonasiga turli nomdagi 1000 dona badiiy kitob taqdim etildi.
Natijada ta’lim muassasasining 3000 dan ortiq kitobdan iborat kutubxona fondi 4000 nusxadan oshdi. Yangi adabiyotlarning javonlardan o‘rin olishi o‘quvchilar uchun mutolaa imkoniyatlarini kengaytirib, ularning badiiy asarlarga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Bugun maktabda 700 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Yangi o‘quv yilida ular safini 70 nafar birinchi sinf o‘quvchisi to‘ldirdi. Bilimlar kuni doirasida birinchi sinfga qabul qilingan o‘quvchilarga Prezident sovg‘asi — 13 turdagi o‘quv qurollaridan iborat to‘plamlar ham taqdim etildi.
— Yangi o‘quv yilini o‘quvchilarimiz ko‘tarinki kayfiyatda boshladi. Ayniqsa, birinchi sinfga qabul qilingan 70 nafar bolaga Prezident sovg‘asi — 13 turdagi o‘quv qurollari topshirilgani ularga katta quvonch bag‘ishladi. Maktabimizda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Qo‘shimcha to‘garaklar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Kutubxonamizga ming dona yangi badiiy kitob keltirilishi esa o‘quvchilarimizni kitob mutolaasiga yanada keng jalb etish uchun yaxshi imkoniyat yaratdi, — deydi maktab direktori Abdujalol Shernazarov.

Kutubxona fondining boyishi ta’lim jarayonini qo‘shimcha adabiyotlar bilan ta’minlash barobarida, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga ham xizmat qiladi. Zero, kitobxonlik bolaning dunyoqarashini kengaytirish, so‘z boyligini oshirish va mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirishda muhim omillardan biri.
«1 kunda — 1000 kitob» aksiyasi doirasida amalga oshirilgan mazkur tashabbus ana shu maqsadlarga uyg‘unligi bilan ahamiyatli. Maktab kutubxonasida endi yana mingta yangi asar o‘quvchilarni mutolaaga chorlab turadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri