Mahallada aholini kambag‘allikdan chiqarish borasidagi chora-tadbirlar o‘rganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mohira Xo‘jayeva Qibray tumanidagi mahallalarda o‘rganishlar olib bordi. Xususan, “Alisher Navoiy” MFYdagi o‘rganishlari davomida mahalla yettiligi vakillari bilan uchrashib, aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda mahallada aholini kambag‘allikdan chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratdi.
Ma’lum qilinganidek, “Alisher Navoiy” MFY hududida 3 ming 662 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Jami 662 ta xonadon bo‘lib, ularda 1 ming 12 ta oila yashaydi. Mahallada aholini kambag‘allikdan chiqarish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida kam ta’minlangan oilalar soni 15 tagacha qisqartirilgan. Bugungi kunda kambag‘allik chegarasida 3 ta oila qolayotgani aytib o‘tildi.
Mahalla mas’ul xodimlari tomonidan fuqarolarni doimiy ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, turli kasb-hunarlarga o‘qitish va mehnat faoliyatiga yo‘naltirish orqali oilalarning daromad manbalarini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
Deputat o‘rganish davomida mahalladagi tadbirkorlik sub’ektining faoliyati, yaratilgan sharoitlar va tadbirkorlar uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanish holati bilan ham yaqindan tanishdi. Tadbirkorlarning takliflari, fikr-mulohazalari tinglandi.
M.Komilova,
O‘zA