7-sentabr kechqurun qonli oyni tomosha qiling...
7-sentabr kuni erta uxlashga shoshilmang, chunki shu kuni osmonda noyob fazoviy holat – to‘liq Oy tutilishi, ya’ni xalq orasida “Qonli Oy” deb ataladigan manzara kuzatiladi. Eng muhimi, ushbu noyob hodisani yurtdoshlarimiz ham oddiy ko‘z bilan tomosha qilishi mumkin.
Xo‘sh, “Qonli Oy” qanday hosil bo‘ladi? To‘liq tutilgan payt sayyoramizning tabiiy yo‘ldoshi Yer soyasiga o‘tadi. Quyosh nuri zaminimiz tegrasidan o‘tayotib, sinadi va qizil spektr nuri Oy yuzasiga yetib boradi. Natijada Hilol odatdagidan farqli ravishda g‘aroyib va sirli – qizg‘ish tusga kiradi. To‘liq qizarish bosqichi taxminan 1 soat 22 daqiqa davom etadi. Ushbu qiziq lahzani o‘tkazib yubormaslik uchun aniq vaqtni eslab qoling:
Toshkent vaqti bilan soat 21:27 da Oy Yer soyasiga o‘ta boshlaydi. 22:30 da eng hayajonli bosqich – to‘liq tutilish boshlanadi va Oy qip-qizil tusga kiradi. Soat 23:11 da eng yuqori, ya’ni kulminatsion nuqta kuzatiladi. 23:52 da Oy to‘liq tutilishi bosqichi yakunlanadi. 00:56 da jarayon nihoyasiga yetadi.
Demak, 7-sentabr kuni kechasi soat 22:30 dan 23:52 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ochiq osmon ostiga chiqib, koinotning ushbu betakror, go‘zal manzarasini tomosha qilish mumkin.
Muhim xabarni yaqinlaringizga ulashing, ular ham noyob hodisani o‘tkazib yubormasin.
Fardona Yaxshiboyeva,
Ulug‘bek To‘xtayev (video),
O‘zA