Kuba AQSHga keskin ogohlantirish berdi
Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida uning mamlakati hech kimga tahdid solmayotgani va tajovuzkor rejalari yo‘qligini ta’kidladi, deb xabar qildi Euronews.
Kuba prezidentining bu bayonoti Kuba Rossiya va Erondan harbiy dronlar sotib olgani haqida xabar tarqatganidan keyin yangradi.
Kuba rahbari mazkur xabarni tasdiqlamagan, lekin inkor ham qilmagan. U X platformasida yozgan postida Kuba, jumladan AQSH uchun ham hech qanday xavf tug‘dirmasligini bildirdi.
Shu bilan birga, u butun dunyo Vashingtonning Kubaga nisbatan tahdidlaridan xabardorligini aytdi va AQSHni dushmanona harakatlardan tiyilishga chaqirdi. Aks holda, mintaqada qonli qirg‘in yuz berishi va bu juda katta talofatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges ham prezident fikrini qo‘llab-quvvatladi. Uning aytishicha, Vashington orolga qarshi iqtisodiy bosim va ehtimoliy harbiy aralashuvni oqlash uchun sun’iy bahona yaratmoqda. Bugun ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Tomonlar o‘rtasidagi ziddiyat so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir bosqichlardan biriga chiqqan, deyish mumkin.
Oq uy Kubada hokimiyat almashishini qo‘llab-quvvatlab, neft va gaz yetkazib berishni cheklamoqda hamda mamlakat iqtisodiyotining muhim sohalariga qarshi sanksiyalarni kuchaytirmoqda.
Mart oyida Donald Tramp “bir kuni Kubani o‘z nazoratiga olishi mumkinligi”ga ishonch bildirgan edi. Trampning bu gaplari vaziyatni yanada keskinlashtirib yubordi, deyish mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/zGfBGOSEDFw" title="Kuba AQShga keskin ogohlantirish berdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA