Trampning Grenlandiya rejasi, San-Diyegodagi otishma va Rossiya nefti bo‘yicha yangi muddat — kunning asosiy xalqaro xabarlari (+video)
AQSH ma’muriyatining Grenlandiyaga oid pozitsiyasi o‘zgarmagani ma’lum qilindi. Grenlandiya bosh vaziri Jens-Frederik Nielsen Donald Trampning maxsus vakili bilan uchrashuvdan so‘ng Vashington orolga nisbatan yondashuvini o‘zgartirmaganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Grenlandiya xalqi o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega va orol “sotilmaydi”. The New York Times nashri AQSH, Daniya va Grenlandiya o‘rtasida bir necha oydan beri yopiq muzokaralar davom etayotganini yozdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EgCYU9ZGNKw" title="Trampning Grenlandiya rejasi va Rossiya nefti bo‘yicha yangi muddat" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Eron davlat agentligi IRNA AQSH va Isroil hujumlari vaqtida jarohatlangan Mojtaba Khameneining sog‘lig‘i haqida yangi ma’lumot berdi. Rasmiylarga ko‘ra, u olgan jarohatlar tashqi ko‘rinishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan. G‘arb ommaviy axborot vositalarida tarqalgan amputatsiya yoki nogironlik haqidagi xabarlar rad etildi. Shu bilan birga, uning bel, tizza va quloq orqasi qismi jarohatlangani aytildi.
AQSHning San Diego shahridagi islom markazida yuz bergan otishma oqibatida besh kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida masjid qorovuli va ikki nafar ehtimoliy hujumchi ham bor. Yana bir necha kishi jarohat olgan. Tergovchilar gumonlanuvchilar 17 va 19 yoshli yigitlar bo‘lganini, ular voqea joyi yaqinidagi avtomashinada o‘lik holda topilganini ma’lum qildi. Hodisa diniy nafrat asosida sodir etilgan jinoyat sifatida ham ko‘rib chiqilmoqda.
G7 davlatlari moliya vazirlari yig‘inida Ukraina Rossiyaga qarshi iqtisodiy bosimni kuchaytirish va yangi sanksiyalar joriy etishni talab qildi. Ukraina moliya vaziri Serhii Marchenko Rossiyaning neftni qayta ishlash va infratuzilma ob’ektlariga zarbalar davom etayotganini aytib, iqtisodiy bosim urush sharoitida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Kiyev iyun oyida Yevropa Ittifoqining 90 milliard yevrolik kredit dasturi bo‘yicha birinchi transhni olishni kutmoqda.
AQSH Moliya vazirligi esa Rossiya neftini dengiz orqali tashish bo‘yicha sanksiya istisnolarini yana 30 kunga uzaytirdi. Vazir Scott Bessentning bildirishicha, qaror ayrim davlatlarga dengizda bo‘lgan Rossiya neftidan vaqtincha foydalanish imkonini beradi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, bir qator davlatlar qo‘shimcha muddat so‘rab murojaat qilganidan keyin mazkur qaror qabul qilingan.
Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Izmail shahri, Dnepropetrovsk viloyati va Xarkovga havodan hujum uyushtirdi. Hujumlar oqibatida port infratuzilmasi ob’ektlari zarar ko‘rgan. “Naftogaz of Ukraine” rahbari Rossiya neft-gaz infratuzilmasiga qarshi zarbalar davom etayotganini ma’lum qildi.
Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA