YeI Rossiya bilan aloqalar uchun maxsus vakil tayinlamoqchi
Yevropa Ittifoqi ichida RF bilan aloqalar uchun maxsus muzokarachi tayinlash bo‘yicha munozaralar davom etmoqda.
“Politico” nashri yozishicha, Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel, Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb va Italiyaning sobiq bosh vaziri Mario Dragi yetakchi nomzodlar qatorida.
Ta’kidlanishicha, Merkelning nomzodi Ukraina va Rossiya prezidentlari bilan avvalgi aloqalari tufayli muhokama qilinmoqda. Biroq ba’zi yevropalik siyosatchilar uning avvalgi vositachilik harakatlarini yetarlicha muvaffaqiyatli bo‘lmagan, deb hisoblashadi.
Stubb ham vositachi roliga qiziqish bildirgan, ammo Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishidan keyin uning alyans bilan aloqalari Moskvada ishonchsizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Dragi esa ancha betaraf shaxs sifatida qabul qilinadi, garchi u hali muzokaralarda ishtirok etishga tayyorligini bildirmagan bo‘lsa ham.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning nomzodi ham alohida muhokama qilinmoqda. Rossiyaga nisbatan qattiq pozitsiyasiga qaramay, u maxsus elchi tayinlash imkoniyatiga yo‘l qo‘ydi va hatto bu rolni o‘z zimmasiga olishga tayyorligini ham ishora qildi.
Germaniyaning sobiq kansleri Gerxard Shryoderni olib kelish imkoniyati ham ilgari muhokama qilingan edi, ammo Ukraina, Germaniya va Yevropa Ittifoqi vakillari bu g‘oyaga qarshi chiqishdi. Boshqa variantlar qatorida nemis matbuoti Donbass muzokaralarida ishtirok etgani uchun tajribali diplomat deb hisoblangan Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer ham tilga olgan.
S.Rahimov, O‘zA