Yurtimizning har bir hududida turizmni rivojlantirish, xorijiy va mahalliy sayyohlarga yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Navoiy viloyati ham o‘zining turizm salohiyati bilan boshqa hududlardan ajralib turadi. Ayniqsa, keyingi yillarda ziyorat va ekoturizmni yanada rivojlantirishga e’tibor kuchaytirildi.

Jumladan, birgina Konimex tumanida ayni paytda 1 ta oilaviy mehmon uyi va 9 ta o‘tovli oromgoh, 1 ta dam olish maskani faoliyat olib bormoqda. 2024 yilning o‘zida 2 ta o‘tovli oromgoh tashkil etildi.
Tumanda sohani yanada rivojlantirish, tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy sayyohlarga malakali hamda sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Shunday loyihalardan biri “QIZILQUM SAFARI” MCHJ tomonidan Aydarko‘l bo‘yida 500 o‘rinli o‘tovli lager tashkil etildi. Turizm klasteri o‘zida sayyohlarga mehmonxona, ovqatlanish, 2 ta transport, gid ekskursovod, 46 ta o‘tovdan iborat o‘tovli lager, bir vaqtning o‘zida 500 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega plyaj xizmatlarini jamlagan.

“YURT CAMP” MCHJ tomonidan 500 o‘rinli o‘tovli lager, otda va tuyada sayr qilish, ov qilish, 2 ta restoran, savdo do‘konlari, transport hamda turkompaniya xizmatlarini o‘z ichiga olgan turizm klasteri tashkil etilgan bo‘lsa, “KEMEL TRAVEL” MCHJ tomonidan esa Aydarko‘l bo‘yida mehmonxona, 5 ta kemping, 2 ta glemping, basseyn, restoran hamda turkompaniya xizmatlarini o‘z ichiga olgan turizm klasteri tashkil etildi.
Albatta, bu kabi sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Yil sayin tuman hududida tashkil etilgan turizm maskanlariga keluvchi sayyohlar oqimi ko‘paymoqda. Birgina 2024 yilda tumanga 11,5 ming nafar xorijiy va 44,8 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatilib, turizm eksporti hajmi 2,8 million dollarga yetkazildi. Joriy yilda esa xorijiy sayyohlar sonini 14 ming, mahalliy sayyohlar sonini esa 46 ming nafardan oshirish, turizm eksporti salohiyatini 20 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda esa tumanda cho‘l turizmini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanilmoqda.
– Davlatimiz rahbarining 2024 yil 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari viloyatga tashrifi davomida 2025 yilda Navoiyga 500 ming xorijiy turistni jalb qilib, bu xizmat eksportini 150 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgandi, – deydi tuman hokimi Ruslan Ro‘ziyev. – 2024 yilning 18-20 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tuman va shahar sektorlari rahbarlarining turizmni rivojlantirishga doir o‘quv-amaliy seminarida ishtirok etdim. O‘quv-amaliy seminarida davlatimiz rahbarining 2024 yil Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi majlisida so‘zlagan nutqlari, shuningdek, 2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan rahbarlar oldida turgan vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritildi. O‘quv-amaliy seminar davomida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi turistik loyihalar bilan yaqindan tanishdik va tumanimizda turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan hamda rejalashtirilgan asosiy loyihalarni taqdim etdik.

Bugungi kunda Konimex tumani respublikadagi turizmga ixtisoslashgan 37 ta tuman qatoriga kiritilgan bo‘lib, ayni paytda tumanda O‘zbekistondagi ilk safari turizm klasteri ko‘rinishidagi o‘tov oromgohi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilda esa “Yangiqazg‘on” ovul fuqarolar yig‘ini hududida “Yangiqazg‘on” OFY O‘razjan qishlog‘i hududidan o‘tuvchi “4r-62” yo‘lining 38-42 kilometr oralig‘ida 24/7 rejimdagi savdo va xizmat ko‘rsatishni tashkil etish”, “Qizilqum cho‘llarida dam olish maskani tashkil etish”, “Aydarko‘l bo‘yida dam olish maskani tashkil etish” va “Yangiqazg‘on” OFYda yashovchi aholi uylarida turizm xizmatini tashkil etish” kabi turizm yo‘nalishida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarning ishga tushishi natijasida 300 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan cho‘l va “safari” turizmi yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha imtiyozning amal qilish muddati palatkali (kemping) lagerlar va o‘tovli lagerlar shaklidagi mehmonxonalar (joylashtirish vositalari) uchun 2037 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi. Shuningdek, palatkali (kemping) lagerlar va o‘tovli lagerlar uchun turistik (mehmonxona) yig‘im miqdori amaldagi stavkalarning 50 foizi miqdorida belgilandi. Bu imtiyozlar esa turizm sohasi rivoji, xususan, o‘tovli oromgohlar bilan faoliyatini olib borayotgan tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratishi shubhasiz.
Perizat Mingtayeva,
xalq deputatlari Konimex tumani
Kengashi deputati.
O‘zA