Kollej o‘qituvchilari malaka oshirdi
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida «Barqaror rivojlanish talablaridan kelib chiqqan holda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini modernizatsiyalash» mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida «Barqaror rivojlanish talablaridan kelib chiqqan holda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini modernizatsiyalash» mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, YuNISEF va Britaniya kengashining mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xorijlik mutaxassislar, kollej o‘qituvchilari, yoshlar ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda malakali kadrlar tayyorlashning yangi, bugungi kun talablariga to‘la javob beradigan samarali milliy modeli yaratilgani kadrlarning ijodiy, intellektual salohiyati yuksalishida muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Bu borada xorij tajribasini o‘rganish, malaka oshirish tizimini yanada takomillashtirish, o‘z sohasini mukammal bilish bilan birga, zamonaviy axborot texnologiyalari, xorijiy tillarni puxta egallagan kadrlarni tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotir.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 28-maydagi «Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar rahbar va pedagoglarini tayyorlashning yaxlit tizimini yaratish, malakasini oshirishda muhim huquqiy asos bo‘layotir.
Konferensiyada ta’lim texnologiyalarini takomillashtirish, modul tizimini joriy etish, mashg‘ulotlarni loyihalashtirish, imkoniyati cheklangan yoshlarni kasb-hunarga tayyorlash, o‘quv jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish orqali nazariya va amaliyotning uyg‘unligini kuchaytirish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.