Kitobxonlikka targ‘ibot oiladan boshlanadi
Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan hududdagi barcha umumta’lim maktablarida kitob aksiyalari, kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan hududdagi barcha umumta’lim maktablarida kitob aksiyalari, kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.O‘rta Chirchiq tumanidagi 72-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan shunday tadbirda o‘qituvchilar, mahalla faollari, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, ularda mutolaa madaniyatini yuksaltirish, maktablar kutubxonasi kitob fondini yangi adabiyotlar va zarur qo‘llanmalar bilan muntazam boyitib borish, o‘quvchilar va ijodkorlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
– Bugungi globallashuv davri, axborot asri o‘quvchilarda kitob o‘qishga qiziqishni yanada oshirish uchun targ‘ibotning zamonga hamohang, davlat ta’lim standartlariga mos yangi usullaridan foydalanishni taqozo qilmoqda, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sh.Mirzayev. – Bu jarayonda ota-onalar, mahalla faollari va ta’lim muassasalari hamkorligi katta ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, bu kabi tadbirlarda kitob mutolaasi targ‘ibotida ota-onalarning ishtirokiga ko‘proq e’tibor qilinayotir. Viloyatda o‘tkazilgan “Ommaviy kitobxonlik haftaligi” doirasida tashkil etilgan turli loyihalarda ham nafaqat o‘quvchilar, balki mahalla faollari, nuroniylar, ota-onalar ishtirok etdi. ZiyoNET internet tarmog‘i, elektron shakldagi kitoblar, barcha tuman va shaharlarda tashkil etilgan axborot-resurs markazlari faoliyati haqida ko‘proq ma’lumot berildi.
O‘quvchida kitobga mehr, mutolaaga ishtiyoqni oshirishda maktab kutubxonasining ahamiyati katta. Mazkur ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida 1 ming 40 dan ortiq o‘quvchi zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olayotgan bo‘lsa, ularning qariyb barchasi 9 ming 200 dan ziyod kitob fondiga ega muassasa kutubxonasiga a’zo.
– Ochiq muloqot shaklida tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar kitobxon o‘quvchilarimiz safi yanada kengayishiga xizmat qiladi, – deydi 72-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi kutubxonachisi Sh.Najimova. – Kitobxon oilalar vakillari o‘z uylarida tashkil qilgan shaxsiy kutubxonalari haqida so‘zlab bermoqda. Bu borada eng namunali, deb topilgan oilalar tajribasi targ‘ib etilmoqda. Har oyning ikkinchi haftasida ota-onalar uchun “Farzandimga kitob sovg‘a qildim” aksiyasi o‘tkazilmoqda. Ota-onalar tug‘ilgan kun yoki turli bayramlarda farzandlariga kitob sovg‘a qilmoqda. Bu maktabimizda tobora yaxshi an’anaga aylanayotgani quvonarlidir.
O‘quvchilar ijrosidagi kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini targ‘ib etuvchi sahna ko‘rinishlari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.