Kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Sport vazirligi, Kamondan otish federatsiyasi hamkorligida Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida kamondan otish sport turi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati yakunlandi.
Namangan shahri mezbonlik qilgan kamondan otish sport turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 17 yoshgacha bo‘lgan 150 nafardan ziyod professional va havaskor sportchilar kuch va imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdilar. Ta’kidlash joiz, keyingi yillarda yurtimizda yoshlar o‘rtasida ushbu sport turiga qiziquvchilar soni ortib bormoqda. Namanganda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda yosh kamonchilar miks va jamoaviy birinchilikda yuqori natijalarga erishdilar. Chempionatning tantanali yopilish marosimida so‘zga chiqqanlar, kamondan otish sport turining mamlakatimiz yoshlari orasida tobora ommalashib borayotgani, bu esa kelajagimiz vorislarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladilar. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi sadolari ostida musobaqa bayrog‘i tushirildi. Umumjamoa hisobida 1-o‘rin Farg‘ona viloyati, 2-o‘rin Toshkent shahri, 3-o‘rin esa Navoiy viloyati jamoalariga nasib etdi. Barcha yo‘nalishlarda g‘olib bo‘lgan va g‘alabaga ishonch bilan intilgan sportchilar medallar, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Sportning olimpiya o‘yinlari tasnifiga kiritilgan kamondan otish turini yoshlar o‘rtasida yanada ommalashtirish, yangi iste’dodlarni kashf etish hamda kelgusida xalqaro maydonlarda yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarni tayyorlashda bu kabi musobaqalar muhim ahamiyatga ega.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/R8uu32EgImA" title="Kamondan otish bo`yicha O`zbekiston chempionati " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N. Rahmonova, S. Obidjonov (montaj), O‘zA