Mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi kambag‘allikni qisqartirish borasida ham jiddiy islohotlar davom etmoqda. Sir emac, yurtimizda kambag‘allik rasmiy doiralarda tilga olinmay, ko‘p yillar davomida “yopiq mavzu” bo‘lib keldi. Ammo davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi sabab bugun bu tushuncha rasman tilga olinib, kambag‘al oilalarni farovon qilish, kambag‘allikka qarshi kurashish borasida tizimli islohotlar amalga oshirila boshlandi.
Ushbu yo‘nalishga doir ko‘plab qaror va farmonlar, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi qabul qilindi. Bularning barchasi mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining yana bir ko‘rinishi bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Davlatimiz rahbari “Bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi. Hukumatdan tortib, tuman tashkilotigacha barcha bo‘g‘indagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambag‘allikdan olib chiqish bo‘lishi kerak. Bu borada nazorat ham, so‘rov ham qattiq bo‘ladi”, deganlari bejiz emas.
Mana shu tadrijiy islohotlar davom etib, joriy yilning 8 may sanasida Prezidentimiz tomonidan “Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonga asosan, joylarda tizimli ishlar qilinmoqda. Ushbu hujjat orqali mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurashda yangi, aniq va adolatli mexanizmlar joriy etilmoqda.
Hujjatga muvofiq, asosiy yo‘nalish va maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:
Birinchidan, kambag‘al oilalarni toifalarga ajratish va davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab ko‘rsatiladi;
Ikkinchidan, kambag‘al oilalarga ko‘rsatiladigan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari takomillashtiriladi hamda ularning bandligini cheklovchi salbiy omillar bartaraf etiladi;
Uchinchidan, kambag‘al oilalar farzandlarining ta’lim olishi, dam olishi va sog‘lomlashtirilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi;
To‘rtinchidan, oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi tizimli monitoring qilib boriladi.
Shuningdek, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bandiga ko‘ra, 2025 yil 15 maydan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi hamda ularga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab taqdim etiladi.
Ya’ni davlat xizmatlaridan foydalanish uchun bojlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qo‘llaniladi. Eng asosiysi esa kambag‘al oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi o‘n ikki oy muddatga saqlab qolinadi. Bu esa ushbu oilaning ijtimoiy ahvolini barqaror ushlab turishiga sabab bo‘ladi.
Kambag‘allikni bartaraf etishning to‘g‘ri va eng samarali usuli aholi bandligi darajasini oshirishdir. Aholi uchun ularga munosib va daromadi yuqori ish o‘rinlarini yaratish maqsad sari dadil qadam sanaladi. Buning uchun joylarda tadbirkorlik, dehqonchilik uchun shart-sharoitlar, biznes uchun qulay muhit -yaratish kerak.
Jumladan, hozirda Qo‘qon shahrida ham respublikamizda bo‘lgani kabi kambag‘allikka qarshi kurashish, ushbu toifadagi oilalarning ijtimoiy holatini barqarorlashtirish, ish bilan band qilish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshida Qo‘qon shahri bo‘yicha 4727 ta kambag‘al oila mavjud bo‘lib, kambag‘allik darajasi 6,6 foizni tashkil etgan edi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha joriy yilda 1658 ta oilani (7595 nafar aholini) kambag‘allikdan chiqarish orqali kambag‘allik darajasini 6,6 foizdan 4,2 foizga tushirish maqsad qilib olingan.
Farmonga asosan xonadonlarni kambag‘allikdan chiqarishni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarga viloyat hamda tuman darajasidagi rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari biriktirilishi ta’minlandi.
Shahardagi 455 ta kambag‘al oila viloyat va shahardagi 91 nafar rahbar va ularning o‘rinbosarlariga 5 nafardan qilib biriktirildi. Ular xonadonlarga borib, “mahalla yettiligi” bilan birgalikda har bir oilaga individual reja ishlab chiqib, ularni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ish olib bormoqda.
Rahbarlar va o‘rinbosarlar tomonidan har bir kambag‘al oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha “individual rejasi” ishlab chiqildi. Bundan tashqari, hozirgi kunda (online-mahalla) platformasida 4727 ta kambag‘al oilalar kiritilib, shundan 4127 ta (87,3 foiz) oilalarga individual rejalar tuzilgan.
O‘tgan muddat mobaynida 1207 ta oilalar (5027 nafar oila a’zolari)ga 1529 ta xizmatlar ko‘rsatilib, kambag‘allikdan chiqarishga erishildi. Buning natijasida kambag‘allik darajasi 1 iyun holatiga ko‘ra, 6,6 foizdan 1,7 foizga qisqardi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda —O‘zbekistonda kambag‘allikni kamaytirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Qabul qilingan mazkur farmon esa bu yo‘ldagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi deyish mumkin.
Erkinjon Mahmudov,
Qo‘qon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA