Ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi manzilli tizimi
Munosabat
Xabaringiz bor, yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar atroflicha sarhisob qilinib, aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha navbatdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Unda ilgari surilgan har bir tashabbus va qabul qilingan qarorlar ajratilayotgan mablag‘lar hamda yaratilayotgan imkoniyatlarni bevosita mahalla va xonadonlar darajasida aniq natijaga aylantirishga qaratildi. Zero, islohotlarning chinakam qadri idoralararo bayonnomalarda emas, balki oddiy odamlarning kundalik hayotida, daromad manbalarida va kelajakka bo‘lgan ishonchida namoyon bo‘ladi.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 5,8 foizdan 3,9 foizga tushib, 700 mingga yaqin yurtdoshimiz ehtiyojmandlar toifasidan chiqqani, shubhasiz, tizimli sa’y-harakatlar natijasidir. Biroq asosiy masala faqat moliyaviy resurs ajratishda emas, balki ushbu mablag‘larning pirovard samaradorligini ta’minlashdir. To‘plangan tajriba va tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ayrim hududlarda bir xil miqdorda ajratilgan mablag‘dan olingan natijalar keskin farq qilmoqda.
Bozor muhiti, sotuv zanjiri va biznes yuritish ko‘nikmasi shakllanmagan joyda tadbirkorlik uzoqqa bormaydi. Oqibatda kredit olib, biznesini yo‘lga qo‘ya olmagan minglab yurtdoshlarimiz moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Shu bois yondashuv tubdan o‘zgartiriladi. Endilikda aholiga shunchaki pul emas, balki tayyor biznes-reja, kasbiy ko‘nikma va bozori kafolatlangan kompleks yechimlar taklif etiladi.
Yangi tizimning asosiy afzalligi shundaki, qaror qabul qilish va resurslarni boshqarish vakolati bevosita tuman va mahalla darajasiga tushirilmoqda. Endi tuman hokimi boshchiligidagi shtablar qayerga, kimga va qancha kredit ajratishni mahalliy sharoit va loyihaning o‘ziga xosligidan kelib chiqib mustaqil hal qiladi.
Buning uchun oilaviy tadbirkorlik va yoshlar tadbirkorligi dasturlari, shuningdek, turli jamg‘armalardagi 3 trillion 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman shtablari ixtiyoriga o‘tkaziladi. Moliyalashtirish shartlari biznes turiga qarab moslashtiriladi. Qolaversa, mahalladagi oilalarni o‘z atrofida birlashtirib, ularni barqaror ish bilan ta’minlagan yetakchi tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha garovsiz kredit ajratish tizimi joriy etiladi.
Mahalladagi hokim yordamchilari va bank xodimlari esa aholiga g‘oyadan tortib tayyor biznesgacha bo‘lgan yo‘lda haqiqiy hamroh va biznes-maslahatchiga aylanadi.
Shuningdek, Xorazm viloyati tajribasi asosida bola parvarishlayotgan ota-onalar uchun uyda yoki mahallaning o‘zida daromad topish imkoniyatlari kengaytiriladi. “Ijtimoiy reyestr”ga kiritish mezonlari ham tubdan qayta ko‘rib chiqilib, endilikda nafaqat oila daromadi, balki surunkali kasallik, nogironlik va ko‘p bolalilik kabi ko‘p o‘lchovli omillar ham inobatga olinadi.
Jumladan, ehtiyojmand oilalar farzandlarining maktabgacha ta’lim, o‘quv markazlari va yo‘lkira xarajatlari, shuningdek, OTM yotoqxonasi to‘lovlari 12 oylik vaucherlar orqali qoplab beriladi. Oila “Ijtimoiy reyestr”dan chiqqan taqdirda ham ushbu vaucherlar belgilangan muddat oxirigacha o‘z kuchini saqlab qoladi.
Bunday manzilli yondashuv kambag‘allikni nafaqat bugun qisqartirishga, balki farzandlarga sifatli ta’lim berish va mustahkam kasb egallash imkonini yaratish orqali ehtiyojmandlikning avloddan avlodga o‘tishining oldini olishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilangan yangi mexanizmlar shunchaki moliyaviy yordam ko‘rsatish emas, balki aholini barqaror daromad manbai bilan ta’minlashga qaratilgan yaxlit tizimdir. Vakolat va resurslarning bevosita tuman hamda mahalla darajasiga tushirilishi, har bir oilaga manzilli yondashilishi va ta’limga sarmoya kiritilishi kelgusida ehtiyojmandlikni tubdan kamaytirishga zamin yaratadi. Eng muhimi, yaratilayotgan bunday imkoniyatlar yurtdoshlarimizning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, mehnat qilib, munosib daromad topishi va farovon hayot kechirishi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.
Mavluda Adhamjonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA