Kambag‘al oilalarning daromadi oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartish va bandlik vazirligida “Barqaror rivojlanish oyligi” doirasida “Munosib mehnat va samarali bandlikni ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzusida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, O‘zbekistonda aholi bandligini ta’minlash kambag‘allikni qisqartirish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Quvonarlisi, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirishning yangi yondashuvi oilaga shunchaki yordam berish emas, balki uni barqaror daromad manbaiga olib chiqishga qaratilgan.
Tadbirda qayd etilganidek, mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan Prezidentimizning 3 ta farmoni, 6 ta qarori va Hukumatning 10 dan ortiq qarorlari qabul qilinib, kambag‘allikni qisqartirishning yagona tizimi shakllantirildi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida o‘tgan yili 761 mingta oila, ya’ni 3,2 million nafar aholi uchun individual rejalar ishlab chiqildi. Kambag‘al oilalarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,2 trillion so‘mlik kredit, 265 milliard so‘mlik ssuda va subsidiyalar ajratildi.
Kambag‘allikni qisqartirishning yangi mexanizmlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida 2025-yilda 32 ta yo‘nalishda pilot loyihalar amalga oshirildi. “Kompaniya — kooperativ — dehqon xo‘jaligi” tamoyili asosida 484 ta kooperativ tashkil etilib, 16 ming nafar kambag‘al oila a’zosi jalb qilindi.

Jumladan, joriy yilning birinchi choragidayoq 86 mingta kambag‘al oila, ya’ni 384 ming nafar aholi individual rejalar asosida 105 mingta xizmat bilan qamrab olindi. Reja 162 foizga bajarildi. Natijada 22 ming nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 66 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 4 ming nafari kasb-hunarga o‘qitildi.

Shuningdek, deputatlar vazirlikning asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, raqamli tizimlari, elektron xizmatlari va innovatsion loyihalari hamda amalga oshirilayotgan islohotlari bilan tanishdi.
Muloqot davomida aynan shu natijalar va yangi mexanizmlar asosida O‘zbekistonning 2030-yilgacha kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilangan maqsadlariga erishish, hududlardagi mavjud muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi. Yakunda muhokamalar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA