Jinoyat ishlarida advokatning ishtiroki kengaymoqda
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida advokatlar guruhi tinglovchilari uchun “Jinoyat ishlarini ko‘rishda advokatning ishtiroki” mavzusida o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Ma’lumki, jinoyat protsessida advokatning ishtiroki fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish, adolatli sudlovni ta’minlash hamda qonun ustuvorligiga erishishning eng muhim kafolatlaridan biridir. Davlatning huquqiy demokratik tamoyillarga sodiqligi birinchi navbatda har bir shaxsga tergov va sud jarayonida malakali yuridik yordamdan foydalanish uchun yaratilgan sharoitlar bilan belgilanadi.
Mashg‘ulotni Oliy sud sudyasi Q.Mirsafayev olib bordi. Amaliyotchi mutaxassisning sud faoliyatida to‘plagan tajribasi mavzuni huquqni qo‘llash amaliyoti bilan bog‘liq holda yoritish, jinoyat protsessida advokat ishtirokining ahamiyatini chuqurroq anglash imkonini berdi.

Sudyaning kasbiy tajribasiga tayangan yondashuvi tinglovchilar uchun nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda himoyachi sifatidagi faoliyatiga yangicha nigoh bilan qarashda muhim ahamiyat kasb etdi. Institutda mashg‘ulotlarga amaliyotchi mutaxassislarni jalb etish orqali tinglovchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA