Advokatlar malakasi oshirildi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti advokatlar guruhi tinglovchilari uchun O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasida amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.
Bugungi kun advokatidan nafaqat yuksak nazariy bilim, balki tezkor o‘zgarayotgan qonunchilik va zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan hamqadam sobitqadamlik talab etiladi. Shu bois, advokatlik faoliyatiga qadam qo‘yayotgan va malaka oshirayotgan tinglovchilarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash masalasi alohida ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulot aynan shu maqsadga — tinglovchilarni soha rivojining yangi bosqichi, xususan, “E-Advokat” tizimining amaliy imkoniyatlari bilan tanishtirishga bag‘ishlandi.
Mashg‘ulot doirasida tinglovchilarning Advokatlar palatasi raisi Sh.Sodiqov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqot davomida advokatlik faoliyatida uchrayotgan muammolar va ularni hal etish masalalari yuzasidan savol-javob o‘tkazildi. Tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, kasbiy faoliyatga oid masalalar bo‘yicha fikr almashdi.
Mutaxassislarning qayd tishicha, bu kabi amaliy mashg‘ulotlar nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lash, advokatlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda sohadagi dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA