Advokatlar malakasi oshirildi
Poytaxtimizda Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining advokatlar guruhi tinglovchilari uchun "raqamli platformadan foydalanish va kasbiy masalalar yechimi" yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi.
Shiddat bilan o‘zgarib borayotgan qonunchilik va raqamli texnologiyalarning joriy etilishi advokatlardan doimiy ravishda kasbiy mahoratni yuksaltirib borishni talab etmoqda.
Shu bois mashg‘ulot davomida Adliya vazirligining advokatura sohasiga mas’ul boshqarmasi xodimi tomonidan “E-advokat” platformasida ishlash tartibi, uning imkoniyatlaridan foydalanish hamda sohada uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Bunday mashg‘ulotlar tinglovchilarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, kasbiy faoliyatda yuzaga keladigan masalalarga yechim topish va raqamli vositalardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi. Bu esa fuqarolarga sifatli yuridik yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyatga ega.

Tadbir doirasida tinglovchilar Adliya muzeyi bilan ham tanishdi. Muzey ekspozitsiyasi orqali adliya tizimining shakllanishi va rivojlanish tarixiga oid ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA