JDPUda xalqaro konferensiya bo‘ldi (+video)
Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti tashkil etilganligining 50 yillik tantanalari doirasida xalqaro konferensiya ham bo‘lib o‘tdi.
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni oldidan tashkil etilgan ushbu ikki kunlik anjuman “Ta’limni rivojlantirish strategiyasi: qadriyatlarga asoslangan taraqqiyot” mavzusiga qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari uchun oliy o‘quv yurti hovlisida JDPU talabalaridan tashkil topgan cholg‘u ansamblining konsert dasturi hamda talabalar –yosh rassomlar asarlarining ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Xalqaro konferensiyada 22 davlatdan 100 dan ortiq olim va professor-o‘qituvchi ishtirok etdi. Anjuman ishtirokchilari, dunyoning “Top-10”taligiga kirgan, jumladan, ushbu reytingda uchinchi o‘rinda turuvchi Buyuk Britaniyaning Oksford, to‘qqizinchi pog‘onani egallab turgan London Kollej universiteti, shuningdek, Yangi Zelandiyadagi Oklend, AQSHning Pensilvaniya davlat oliy o‘quv yurtlari va boshqa xorijiy hamda MDH davlatlari oliy ta’lim muassasalari olim va professorlarining ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tingladi.
[gallery-19523]
“Globallashgan dunyoda qadriyatlarga asoslangan ta’lim paradigmalari”, “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ta’lim maqsadlari”, “Innovatsiya va tadqiqotga asoslangan oliy pedagogik ta’lim”, “To‘rtinchi sanoat inqilobining ta’lim jarayonlariga transformatsiyasi”, “Ta’lim sohasida keng ilmiy yondashuvli va progressiv ilg‘or texnologiyalar”, “XXI asrda chet tillarni o‘qitish va amaliy tilshunoslik (FLTAL)” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruzalar tadbir qatnashchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
Ilmiy- tadqiqot ishlari olib borayotgan va shu yo‘nalishga qiziqish bildirgan barcha darajadagi tadqiqotchilar, professor-o‘qituvchilarni birlashtirishga, nazariya va amaliyot o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha turli nuqtai nazarlarni o‘rganishga qaratilgan konferensiyada barcha xorijlik olimlarga universitetning 50 yillik tantanalari munosabati bilan esdalik sovg‘lari topshirildi.
Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti prorektori Mohira Huseynova Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori Shavkat Sharipovga Ozarbayjon davlat pedagogika universitetining faxriy doktori unvonini tantanali ravishda topshirdi. O‘z navbatida Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori ham Mohira Huseynovaga Jizzax davlat pedagogika universiteti faxriy doktori unvonini taqdim etdi.
– Biz bir turkiy qardosh xalqmiz, bizning tilimiz bir, aslimiz bir, dinimiz bir, dilimiz va maqsadlarimiz bir. Ikki mamlakat rahbarlarining ikki turkiy qavm – o‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash yo‘lidagi amalga oshirilgan sa’y- harakatlari juda buyuk ish bo‘ldi. O‘zbekistondagi bugungi oliy ta’lim muassasalari, ushbu Jizzax davlat pedagogika universiteti va unda tashkil etilgan xalqaro anjuman menda juda yaxshi va chuqur taassurot qoldirdi. Butun dunyo olimlarini jamlagan, xalqaro konferensiya o‘tkazayotgan Jizzax davlat universitetida talabalarining mukammal tahsil olishi va professor-o‘qituvchilarning yetuk saboq bera olishi uchun yaratilgan ajoyib shart-sharoitlarni alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Ushbu konferensiya turk dunyosi markazi sanalmish O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgani va ana shu turkiy xalqlarning bir vakili sifatida unda mening ham ishtirokim men uchun katta faxr deb o‘ylayman.
–Butun dunyo nafaqat ilmni, madaniyatni, odobni, o‘zaro qardoshlikni, qolaversa, mehmonnavozlikni ham bizning turkiy ellarimiz – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va boshqa turkiy davlatlardagi qardoshlarimizdan o‘rganishsin va bugungi ushbu universitetda o‘tgan konferensiya aynan shu jarayonni to‘la namoyon eta oldi.Turkiy dunyo ilmini jahonga ko‘z-ko‘z qilaoladigan a’lo darajadagi anjumanni tashkil eta bilganlari, samimiy mehmondo‘stliklari uchun universitet rektori va butun oliygoh jamoasiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, – dedi Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Kavkazshunoslik instituti, Turon akademiyasi O‘rta Osiyo va Kavkaz kafedrasi siyosatshunoslik fanlari doktori Rohila Boboyeva.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TOCSfu01r1E" title="JDPUda xalqaro konferensiya boʻldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>– Ushbu Jizzax davlat pedagogika universitetida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya menda juda katta taassurot qoldirganini alohida qayd etgan bo‘lardim. Mazkur tadbir orqali men yangi hamfikr do‘stlar ortirdim. Ushbu universitet bilan hamkorlik qilish uchun yangi g‘oyalar tug‘ildi. Biz o‘z tajribamizni ular bilan bo‘lishdik va o‘z navbatida konferensiya ishtirokchilaridan ko‘p narsalarni o‘rgandik, ko‘p yangiliklarni bilib oldik. O‘rgangan yangiliklarimiz, yangi g‘oyalarni borib, albatta o‘zimizda tatbiq etamiz. Konferensiya juda ajoyib o‘tdi.
–Bizni ochiq chehra, xush tabbasum bilan kutib olishdi. Shirin muomala, o‘ziga xos sharqona go‘zal madaniyat egasi ekanlarini namoyon etishdi. Ayniqsa, universitet o‘qituvchi va talabalarining ingliz tilida erkin so‘zlasha bilishi biz uchun, to‘g‘risi, juda hayratlanarli bo‘ldi. Va, albatta, go‘zal va o‘zbeklarga xos bo‘lgan mehmondo‘stlik bizga juda manzur bo‘ldi. Barcha-barchasi uchun rahmat, – dedi London Kollej universiteti professori Jim Makkiley.
– Universitetimizda “Ta’limni rivojlantirish strategiyasi: qadriyatlarga asoslangan taraqqiyot” mavzusida 2 kunlik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tgani biz uchun faxrlidir. Bu anjumanimizning asosiy maqsadi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi konsepsiyasini amalga oshirishdir. Ushbu masalaning dolzarbligi ana shu konferensiyaga dunyoning yigirmadan ortiq davlatidan ko‘plab ma’ruzachilar, ekspertlar qiziqish bildirib, tashrif buyurgani bilan belgilanadi. Jumladan, Buyuk Britaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Yangi Zellandiya, Ozarbayjon va boshqa ko‘plab davlatlardan kelgan ekspertlar bugungi anjumanimizda ma’ruzachi sifatida ishtirok etib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etgan holda o‘zlarining kerakli tavsiyalarini ham bayon etishdi. O‘ylaymizki, mana shu bildirilgan fikrlar, munosabatlar O‘zbekistondagi ta’lim islohotlari yanada rivoj topishida muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi anjumanimizning ahamiyatli jihatlaridan yana biri Jizzax davlat pedagogika universiteti tashkil etilganining 50 yilligiga bag‘ishlanganligidir. 50 yil davomida universitetimiz milliy qadriyatlarimizga asoslangan holda izchillik bilan rivojlanib kelganligi va o‘z taraqqiyoti davomida ko‘plab bosqichlarni bosib o‘tganligi tadbir davomida yana bir bor ta’kidlandi. Ushbu jarayonda oliygohimizning xalqaro aloqalari rivojlanib borayotganligi xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etildi, – dedi JDPU rektori, professor Shavkat Sharipov.
Muhokamalar, bahs-munozaralarga boy o‘tgan konferensiya o‘z ishini shu’balarga bo‘lingan holda davom ettirdi.
Bir necha xorijiy va MDH davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlari bilan memorandumlar imzolandi.
Kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi va konferensiya materiallarini to‘plam shaklida chop etishga kelishib olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat, video), O‘zA muxbirlari