Go‘zal shaharlarda, obod mamlakatlarda haykallarga ko‘zimiz tushar ekan, ushbu san’at asarlari shu davlat xalqining madaniy taraqqiyoti, siyosiy va estetik saviyasi, o‘tmishi va buguni, dunyoqarashi va tafakkuri haqida so‘zlashini yaxshi anglaymiz.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Urganch shahrida barpo qilinayotgan jasorat va mardlik siymosi, buyuk sarkarda sulton Jaloliddin Manguberdi haykali ham ana shunday san’at asaridir. Haykalning barpo etilishi, uning jamiyatimizdagi o‘rni haqida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari Bekzod ABDIRIMOV bilan suhbatlashdik.
– Urganch shahrida buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi siymosiga 1999 yildi monument barpo etilgan edi. Aytingchi, bitta shaharda ajdodimizga yana bir bor haykal o‘rnatishga qanday zarurat bor edi?
– Haqiqatdan ham birinchi Prezidentimiz I.Karimov tomonidan sulton Jaloliddin Manguberdiga atalgan haykal Urganch shahrida 1999 yildayoq o‘rnatilgan edi. Ushbu salobatli haykal bugun ham Respublikamizdagi eng baland haykal sifatida qad ko‘tarib turibdi. Ammo haykal barpo qilingan yillari ham, hozir ham unga nisbatan jamoatchilikda bir qator munosabatlar shakllangan. Chunonchi, tarixchi olimlar tomonidan haykalning otda tasvirlanmaganligi ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi. Axir, necha ming yillardan buyon Sharqda ot hokimiyat ramzi sanaladi. Har bir hukmdor ot bilan tasvirlanishi qonuniyatga aylangan edi. Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2020 yil 12-13 mart kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi davomida sulton Jaloliddin Manguberdi maydonini barpo qilish, uning nomiga yangi haykal o‘rnatish, bunda sultonni otda tasvirlash tashabbusi ilgari surildi. Ushbu tashabbusni viloyatdagi ko‘pchilik jamoatchilik vakillari, ziyolilar ma’qul topdi. Shu tariqa bugun ulkan va salobatli haykalni yasash ishlari o‘z yakuniga yetay, deb qoldi, maydon qurilishi ham jadallik bilan olib borilmoqda.
Bundan tashqari bugun geosiyosiy olamda millatlarning yashab qolish instinkti turli ma’naviy ehtiyojlarni yuzaga chiqarmoqda. Negaki, tobora axborotlashib borayotgan global jamiyatda kuchlilar tomonidan iqtisodiy va siyosiy ekspansiya o‘z faoliyatini nafaqat harbiy, moliyaviy sohada, balki mafkuraviy jabhada ham olib bormoqda. Millatlarning individualligini yo‘qotish, turli vositalar (demokratiya, inson huquqlari, gender tenglik, jinsiy erkinlik, madaniyatlar uyg‘unligi va hakozo) orqali davlatlar ichki ishlariga aralashish yoki ichki barqarorligiga raxna solish bugungi axborot urushining asosiy maqsadiga aylangan. Va albatta, bu urush qurboni bo‘lmaslikning shartlaridan biri milliy o‘zlikni anglashdir. O‘ylaymizki, ushbu tashabbus ana shu ma’naviy ehtiyojimizni qondirishda katta, muhim o‘ringa ega bo‘ladi.
Shunday ekan, Xorazm viloyati markazida Jaloliddin Manguberdi haykalining barpo qilinishi millatimizning ma’naviy ehtiyoji, ajdodimiz nomini abadiylashtirish, xotirlash va qadrlash zaruratidir. Haykal tarixda qolgan shaxsning timsoli hisoblanadi. Turkiya, Misr, Eron kabi mamlakatlarda ajdodlarimizning siymolari haykallarda ulug‘lanayotgan bir paytda (masalan, Yaponiya, Rossiyada Alisher Navoiy, Turkiyada Alouddin Muhammad, Amir Temur, Eronda Abu Rayhon Beruniy, Misrda Sayfiddin Qutuz, Fransiyada Al-Xorazmiy, To‘maris haykallarining o‘rnatilishi, Pokistonda ham Jaloliddin Manguberdiga monument o‘rnatish istagidagi olimlar haqida ma’lumotlarga egamiz) tomirlarimizda qoni oqayotgan bobokalonimizning timsolini o‘z yurtiga qaytarish burchimizdir. Shuningdek, o‘z hayotini dushmanga qarshi kurashdek sharafga baxshida qilgan insonning xizmatlarining e’tirofidir bu. Sultonning hukmdorlik ramzi sanalgan tulporga qaytishi, beklarning avlodlari uchun milliy g‘urur, sharaf tarbiyasi va ushbu haykal shunday bir ramzki, Nyu-Yorkni tasavvur qilganda Ozodlik, Parijni xayol qilganda Eyfel, Braziliya haqida o‘ylaganda Iso haykallari ko‘z o‘ngida gavdalangandek, Urganch shahrining tumoriga aylanajak.
– Xo‘sh, bugungi zamondoshlarimiz uchun ushbu haykalning ma’naviy funksiyalari nimalardan iborat?
– Keling, bu savolingizga javob berishdan oldin haykallarning umumiy mazmuni haqida tushuncha hosil qilsak. Haykal arabcha “katta”, “ulug‘ shakl” ma’nolarini bildiradi va tasviriy-amaliy san’at namunasi hisoblanadi. Haykallar bir qarashda shaharlarning ko‘rinishini bezash maqsadida barpo qilinadiganday tuyuladi, aslida esa ular biror xalq madaniyatining rivojlanish timsolini ham aks ettiradi. Shuningdek, haykallar o‘z davrining g‘oyalari va ideallari to‘g‘risida zamondoshlar hamda avlodlarni ogoh qiluvchi vositadir.

Haykallar har doim o‘z davrining ehtiyoji sifatida barpo qilingan. Bu harakat iqtisodiydan ko‘ra, birinchi navbatda siyosiy, mafkuraviy va estetik motivlarga asoslanadi. Ya’ni mavjud jamiyat uchun zarur bo‘lgan mafkuraviy g‘oyalar tarbiyasi, estetik va ma’naviy yuksalish ko‘rsatkichi sifatida katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Iqtisodiy manfaatlar esa ikkilamchi fonda o‘zini namoyon qilib, mamlakatda turistik daromadlarni jalb qilish imkoniyatini vujudga keltiradi.
Misol uchun, balandligi 103 metr bo‘lgan, Xitoydagi ikki nafar Xitoy imperatori – Xuangdi va Yandilar qiyofasi aks ettirilgan ulkan haykallarni olsak. Qanchalik qudratli bo‘lishiga qaramasdan ijtimoiy muammolar bugun ham yetarli bo‘lgan xitoyda o‘z tarixi ulug‘langan bunday haybatli haykallar bisyor. Xitoy hukumati aniq ayta olamizki, ushbu san’at asarlari vositasida Chin yurtining dunyo tamaddunidagi o‘rnini avvalo o‘z xalqi qalbiga muhrlashni, shu bilan birga butun dunyoga “ko‘rsatib” qo‘yishni maqsad qilgan.
Rossiyadagi Mamay qo‘rg‘onida 1967 yil qad ko‘targan balandligi 84 metr bo‘lgan “Ona Vatan chorlaydi” haykalini oling. Bu monument Ikkinchi jahon urushining iqtisodiy oqibatlari bartaraf qilib ulgurilmagan bir paytda Sovet hukumatiga nima uchun kerak edi? Bunda ham ma’naviy ehtiyoj – ko‘p millatli ulkan Ittifoqni yagona g‘oya ostida birlashtirish zarurati inobatga olingan.
Mo‘g‘ulistondagi Chingizxonning 2008 yil 4 million dollar sarflanib barpo qilingan otliq haykaliga nazar tashlaylik. Iqtisodiy imkoniyatlari maqtangudek bo‘lmagan Mo‘g‘uliston qancha-qancha sarflab mahobatli haykal barpo qilganini qanday tushunish mumkin? Ular bu bilan o‘zlarining insoniyat tarixida iz qoldirgan ajdodini ulug‘lash orqali millat g‘ururini saqlab qolishni o‘ylagan.
Biz ham bugun yoshlarimizni Vatanga sadoqat ruhida ulg‘aygan, milliy g‘urur, sharaf tuyg‘ulari jo‘sh urib turgan, faqatgina chegara osha keladigan dushmanga qurol ko‘tara oladigan emas, tilimiz, e’tiqodimiz, orzularimizga raxna solishni ko‘zlagan dushmanga qarshi tura oladigan avlodni tarbiyalashni xohlasak, aynan shunday jasorat va matonat egalarini ibrat qilib ko‘rsata olishimiz shart. Ana shu jarayonda ushbu haykalning haqiqiy vazifalari namoyon bo‘ladi.
– Jaloliddin Manguberdi jasoratini targ‘ib qilish borasida yana qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– 2020 yil 23 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining “Jaloliddin Manguberdi tarixining yangi sahifalarini o‘rganish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi. Mazkur farmoyishga asosan joriy yil oktyabr oyida 50 ga yaqin mamlakat olimlari ishtirokida Toshkent va Urganch shaharlarida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiyaning asosiy tadbirlari dasturidan yangi qurilayotgan yodgorlik xiyobonida o‘tkaziladigan tadbirlar ham joy olgan.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA