Istanbulda noqulay ob-havo kutilyapti
Dunyoning turli hududlarida kuzatilayotgan keskin ob-havo hodisalari iqlim o‘zgarishi va ekologik muvozanat izdan chiqayotgani haqidagi xavotirni yanada kuchaytirmoqda.
Shu kunlarda yurtimizning qator hududlarida harorat 40-45 darajadan oshib, kuchli jazirama kuzatilayotgan bir payt Turkiyaning eng yirik shahri hisoblangan Istanbulga 23-26-iyul kunlari kuchli yomg‘ir, momaqaldiroq kelishi kutilmoqda.
Qardosh mamlakat Meteorologiya bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bugundan vaqt-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, tushdan keyin ayrim tumanlarda kuchli yog‘ingarchilik momaqaldiroq bilan birga kuzatilishini ma’lum qildi. Ayrim joylarda shamol soatiga 30-50 km, shanba kuni esa 40-60 kilometrgacha kuchayishi taxmin qilingan. Hokimlik aholini sel, suv toshqini va transport harakatida uzilishi yuzaga kelishi ehtimolidan ogohlantirdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yer yuzi bo‘ylab favqulodda iqlim hodisalari ko‘payishi global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jarayon. Atmosferaga bug‘ gazi haddan ziyod miqdorda chiqishi, o‘rmon qisqarishi, shaharlashuv va atrof-muhitga antropogen ta’sir ortishi hududlarda uzoq davom etuvchi issiq to‘lqin, qisqa vaqtda yog‘adigan kuchli yog‘ingarchilikka olib kelmoqda.
Ekologlar fikricha, iqlim o‘zgarishi butun insoniyat uchun dolzarb muammoga aylangan. Shu bois tabiatni muhofaza qilish, atmosferaga chiqayotgan zararli moddalar miqdorini kamaytirish va ekologik barqaror rivojlanishni ta’minlash bugungi kunning muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda.
N.Kayimova, O‘zA