Isroil va Livan sulhga kelishdi (+video)
Isroil va Livan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deb xabar berdi DW nashri.
Kelishuv haqidagi uch tomonlama bayonot AQSH Davlat departamenti tomonidan e’lon qilindi.
Bayonotda qayd etilishicha, kelishuvga rioya qilinishi Livanning “Hizbulloh” guruhi tomonidan o‘t ochishning to‘liq to‘xtatilishiga bog‘liq.
Shuningdek, faqat Livan armiyasi nazoratida bo‘ladigan maxsus sinov hududlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, Livan va Isroil to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni davom ettirib, keng qamrovli kelishuvga erishish va qolgan ochiq masalalarni hal qilishni rejalashtirmoqda.
Qurolli to‘qnashuvlar AQSH va Isroilning Eron bilan urushi boshlanganidan keyin yanada kuchaydi. Isroil harbiy-havo kuchlari esa Livan hududidan qilingan hujumlarga javoban keng ko‘lamli havo zarbalarini amalga oshirdi.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, janglar oqibatida taxminan 2200 kishi halok bo‘lgan, ular orasida ko‘plab ayollar va bolalar bor. Isroil armiyasi esa mart oyidan beri “Hizbulloh”ning 1700 dan ortiq a’zosi o‘ldirilganini ma’lum qildi. Tinch aholi orasidagi qurbonlar soni aniq emas.
14-aprel kuni Vashingtonda 1993-yildan buyon ilk bor Isroil va Livan elchilari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tdi. 16-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida sulhga erishilganini e’lon qildi. Bir oydan so‘ng tomonlar sulh muddatini yana 45 kunga uzaytirishga kelishib oldi, ammo shundan keyin ham o‘zaro zarbalar davom etdi.
Axios nashri manbalariga ko‘ra 1-iyun kuni Tramp telefon orqali Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni Bayrutning janubiy chekkalariga zarba berish buyrug‘i uchun qattiq tanqid qilgan. Sababi, ushbu hujumlardan so‘ng Tehron Vashington bilan urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatayotganini ma’lum qildi. AQSH prezidenti esa muzokaralar to‘xtatilgani haqidagi xabarlarni rad etib, ular tez sur’atlarda davom etadi deb ta’kidladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/srq91ds3ZQM" title="Isroil va Livan sulhga kelishdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA