Isroil va Livan sulh muddatini uzaytirdi
Vashingtonning faol diplomatiyasi natijasida Livan va Isroil chegarasidagi keskinlik pasaydi. Qo‘shinlar ortga qaytmoqda, sulh 45 kunga uzaytirildi. Binobarin, mintaqada barqaror tinchlik o‘rnatilishi hamon so‘roq ostida?
AQSH Prezidenti Donald Tramp Livanga kiritilgan Isroil qo‘shini allaqachon ortga qaytayotganini ma’lum qildi. U 1-iyun kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali samarali suhbat o‘tkazgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ushbu muloqot natijasida Bayrutga qo‘shin yuborilmasligi, harbiylar ortga qaytishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Oq uy rahbari yuqori martabali vakillar orqali Hizbulloh bilan ham muvaffaqiyatli muzokara o‘tkazgani, ular ham jangni butunlay to‘xtatib, Isroil bilan o‘zaro hujum qilmaslikka rozi bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
Ayni muhim siyosiy jarayon asnosida Isroil va Livan Vashingtondagi muzokarada o‘zaro sulhni yana 45 kun uzaytirishga kelishib oldi. Mazkur qaror qabul qilinmaganda amaldagi tinchlik muddati shu yakshanba kuni tugar edi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti, Hizbulloh va Livan rasmiylariga tayanib CNN telekanali xabar berdi.
Davlat departamenti vakili Tommi Pigottning so‘zlariga ko‘ra, muzokara kutilganidan ham ijobiy va samarali kechgan. Tomonlar 29-may kuni Pentagonda harbiy masalani muhokama qilgan, 2-3-iyun kunlari muzokaraning siyosiy bosqichi uchun qayta uchrashadilar.
AQSH bu jarayonda uzoq muddatli tinchlik va chegara xavfsizligi ta’minlanishiga umid qilmoqda. Livan delegatsiyasi ham qarorni olqishlab, tinch aholiga juda zarur sulh xotirjamlik berishi va barqarorlikka yo‘l ochishini bildirdi. Yangi kelishuv yakshanbadan rasman kuchga kiradi. Shunga qaramay, chegaradagi vaziyat qaltis bo‘lib turibdi, chunki oldingi sulh paytida ham otishma to‘xtamagan. Bundan tashqari, shartga ko‘ra, Isroil mudofaa amaliyoti o‘tkazish huquqini saqlab qolgan. Isroilning AQSHdagi elchisi Exiel Leyter muzokarani konstruktiv, deb atadi va yakuniy muvaffaqiyatga erishish imkoni yuqori ekanini ta’kidladi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA