Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat sari dadil qadamlar
7-11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li” mavzusida I Xalqaro islom forumi o‘tkaziladi. Mazkur nufuzli tadbir haqida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti Obid Tangirov O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Globallashuv sharoitida xalqlar o‘rtasidagi madaniy va diniy muloqotni mustahkamlash, yosh avlodni bag‘rikenglik, insonparvarlik va tinchliksevarlik ruhida tarbiyalash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, axborot makonida turli yot g‘oyalar, ekstremizm va radikalizm tahdidlari kuchayib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarda mustahkam mafkuraviy immunitetni shakllantirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan muhim ilmiy-ma’rifiy muassasadir. Markaz ekspozitsiyalari, ilmiy loyihalari va ma’rifiy tadbirlari orqali O‘zbekiston zaminida turli millat va din vakillari asrlar davomida o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitida yashab kelgani haqidagi tarixiy haqiqatlar keng yoritib berilmoqda.
Markaz muzeyidagi “Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans”, “Qur’on zali” hamda “Sivilizatsiya va kashfiyotlar devori” ekspozitsiyalari qadimdan to bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy jarayonlarni qamrab oladi. Ular Markaziy Osiyo xalqlarining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etib, yoshlarda milliy g‘urur va boshqa xalqlarga nisbatan hurmat tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi.
Markaz tomonidan tashkil etilayotgan ekskursiyalar, ko‘rgazmalar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va ochiq muloqotlar yoshlarni ekstremizm, mutaassiblik va radikal g‘oyalar ta’siridan asrash, ularda tanqidiy fikrlash va sog‘lom dunyoqarashni qaror toptirishga ko‘maklashmoqda.
7-11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘li” mavzusida I Xalqaro islom forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Forumning asosiy tashkilotchisi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lib, uning bosh xalqaro hamkori ICESCO hisoblanadi. Mazkur nufuzli anjumanda Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Yevropa davlatlaridan 300 dan ortiq olimlar, tadqiqotchilar, din arboblari va ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Forumning asosiy maqsadi islom sivilizatsiyasining insonparvarlik va ma’rifatparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, uni tinchlik, bilim va bunyodkorlik sivilizatsiyasi sifatida namoyon etish hamda xalqaro muloqot va hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Forum doirasida yuqori darajadagi yalpi majlislar, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, islom xattotligi va qo‘lyozmalari ko‘rgazmalari, noyob manbalar taqdimotlari, hujjatli filmlar namoyishi va qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun mamlakatimizning boy islomiy meros ob’ektlariga sayohatlar uyushtirilishi rejalashtirilgan. Markaz faoliyatida buyuk ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Iso Termiziy, Hakim Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy kabi allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ularning ilm-fan, ma’rifat, bag‘rikenglik va insonparvarlik haqidagi qarashlari yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Forum doirasida ham Movarounnahr allomalarining islom ilohiyoti, mo‘’tadillik madaniyati va sivilizatsiyalar muloqoti rivojiga qo‘shgan hissasi keng muhokama qilinadi. Bu esa yoshlarda diniy va milliy qadriyatlarga ongli munosabatni shakllantirish, ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan muhofaza qilishga xizmat qiladi. Markaz faoliyati mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar bilan hamohangdir. Bu yerda jamlangan nodir qo‘lyozmalar, zamonaviy kutubxona, interaktiv ekspozitsiyalar va raqamli texnologiyalar yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish va intellektual salohiyatini yuksaltirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yoshlarni dinlararo bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, insonparvarlik va ma’rifatparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgan nufuzli ma’naviy-ma’rifiy muassasa sifatida namoyon bo‘lmoqda. Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkaziladigan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi esa mazkur maqsadlarni xalqaro miqyosda amalga oshirish, yoshlarda milliy merosga hurmat, ilm-fanga intilish va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu tashabbuslar Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, inson qadrini ulug‘lash va Uchinchi Renessans g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishning muhim ma’naviy asoslaridan biri hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur nufuzli anjuman Islomning tinchlikparvar g‘oyalari, uning nurli ma’rifatini targ‘ib etish, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni xalqaro miqyosda targ‘ib va tashviq etishda muhim platforma vazifasini o‘taydi.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.