I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi – tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘lidagi muhim muloqot maydoni
Bugungi kunda jahonda tinchlik, ijtimoiy barqarorlik, hamjihatlik va ma’rifatga asoslangan taraqqiyot g‘oyalari tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Poytaxtimizda o‘z ishini boshlagan “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” aynan shu ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Forum muqaddas Islom dinining insonparvarlik, ma’rifatparvarlik va tinchlikparvarlik g‘oyalari atrofida turli mamlakatlardan olimlar, ekspertlar va jamoat arboblarini yagona muloqot maydonida birlashtirdi.
Toshkent shahrida boshlangan va Samarqand hamda Termiz shaharlarida davom etadigan mazkur nufuzli anjuman O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etildi.

Forumning ilk kunida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, nufuzli ulamolar, akademiklar, tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida jam bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaatini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Murojaatda ta’kidlanganidek, yurtimiz tarixida Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlarida yaratilgan betakror ilmiy va madaniy meros bugun ham insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilib kelmoqda. Yangi O‘zbekiston esa jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lidan izchil bormoqda.

Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Burhoniddin Marg‘inoniy kabi ulug‘ ajdodlarimiz yaratgan bebaho ilmiy-ma’naviy meros jahon sivilizatsiyasi xazinasining ajralmas qismi hisoblanadi. Ularning asarlari bugungi kunda ham mamlakatimizda Uchinchi Renessans g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishda muhim ma’naviy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Forumda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i Muzaffar Komilov, ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Olloshukur Poshozoda, Islom olami uyushmasi Bosh kotibi Abdulkarim al-Isso (videomurojaat orqali), TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev va boshqa nufuzli ishtirokchilar ma’ruza qildi.

Islom dinining ezgu va hayotbaxsh g‘oyalari insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgani, ayniqsa, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy merosi islom tamadduni rivojida beqiyos ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Shuningdek, bugungi kunda ushbu merosni chuqur o‘rganish va uning ma’rifatparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
– Islom sivilizatsiyasi tarixiy merosgina emas, balki doimo rivojlanib boradigan jonli jarayondir. Uning ma’rifat va adolatga asoslangan qadriyatlari insoniyat taraqqiyoti uchun bugun ham muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar keyingi yillarda mamlakatimizda muqaddas dinimizning asl mazmun-mohiyatini o‘rganish, boy ilmiy-ma’naviy merosni tadqiq etish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganini qayd etdi.
TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev forumni Islom dinining insonparvarlik va taraqqiyparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etuvchi muhim ma’rifiy platforma sifatida baholar ekan, O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini alohida e’tirof etdi.

Forumning asosiy maqsadi islom sivilizatsiyasining asl mohiyatini ochib berish, uning ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etish, shuningdek, zamonaviy dunyoda tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdan iborat.
Shuningdek, mazkur anjuman O‘zbekistonning boy tarixiy va ilmiy merosini xalqaro ilmiy jamoatchilikka keng tanitish, Islom sivilizatsiyasi markazini global ilmiy-ma’rifiy platforma sifatida namoyon etish hamda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini xalqaro miqyosda yoritishga xizmat qiladi.

Forum davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilda BMTning Nyu-York va Jeneva shaharlaridagi qarorgohlari hamda YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida o‘tkazilishi rejalashtirilgan islom sivilizatsiyasi va ajdodlarimiz merosiga bag‘ishlangan maxsus taqdimotlar uchun ham muhim tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi.
Anjumanning birinchi kunida Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni, Yangi O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy islohotlar, Uchinchi Renessans g‘oyalari, turkiy xalqlarning islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi, hadis, fiqh, kalom va ilohiyot sohalaridagi ilmiy meros, qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish, islom san’ati hamda ta’lim va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rni kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov (suratlar),
O‘zA muxbirlari