Tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalari ilgari surildi
Samarqandda yurtimizda ilk bor tashkil etilgan “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumining yakuniy yalpi majlisi o‘tkazildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov 7-11-iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgan forum nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami ilmiy-ma’rifiy hayotida muhim voqea bo‘lganini ta’kidladi.


O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Moturudiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarda 50 ga yaqin mamlakatdan 300 ga yaqin xorijiy mehmonlar ishtirok etdi. Jumladan, qatnashchilar orasida xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, mashhur islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar mas’ullar bor edi. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanganidan dalolat beradi. Shu bilan birga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi mamlakatimizning tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini xalqaro miqyosda ilgari surishdagi faol o‘rnini yana bir bor tasdiqladi.
I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi davomida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda 10 ga yaqin sohaviy shu’ba majlislari o‘tkazildi. Bu tadbirlarda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qo‘lyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinadi.


Forum doirasida ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan “Al-Jomi’ as-Sahih” – “Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda tezislar to‘plami, IRCICA bilan hamkorlikda nashr etilgan “Shavkat Mirziyoyev – ma’rifatparvar yo‘lboshchi” kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan hamkorlikda chop etilgan Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi. Mamlakatimizdagi ilmiy-ma’rifiy markazlar va xorijdagi yetakchi ilmiy muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Forum doirasida Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalarda buyuk allomalarimiz – Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy merosi keng tadqiq etildi, ularning asarlarini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.


Aytish mumkinki, mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan forum Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ma’rifatparvar davlat siyosati, ajdodlar merosini asrab-avaylash va uni butun insoniyat manfaati yo‘lida targ‘ib etishga qaratilgan ezgu tashabbuslarning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Yalpi majlisda forum ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaati o‘qib eshittirildi.


Tadbir qatnashchilari Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishib, mazkur maskanlarning islom sivilizatsiyasi ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro tadqiqotlarni rivojlantirishdagi ahamiyatini yuqori baholadi. Imom Buxoriy majmuasidagi ko‘rkam masjidda juma namozi ado etildi.
Forum doirasida ishtirokchilar Samarqanddagi boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar, muqaddas qadamjolarni ham ziyorat qildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri