Isitish moslamalari sinovdan o‘tkazildi
Toshkent viloyatida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarning 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Toshkent viloyatida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarning 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylar belgilangan tartibda joriy va mukammal ta’mirdan chiqarildi. Yuzlab ko‘p qavatli uy-joy mavsumga tayyorlab qo‘yildi.
Prezidentimizning joriy yil 7-iyuldagi “Respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy tarmoqlarini 2015-2016-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Viloyat hokimligining axborot xizmatidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillar tajribasi va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kelib chiqib, viloyat hokimining qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlarini qishga tayyorlash ishlari izchil olib borilayotir. Viloyatdagi ko‘p qavatli uy-joylarni mukammal ta’mirlash, aholini ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlarni qish mavsumiga hozirlash, ta’lim maskanlarining binolari, ulardagi muhandislik-kommunikatsiya tizimlari, isitish tarmoqlarini ta’mirlash va yangilash, ko‘mir zaxirasini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim muassasalarining bir yuz ellikka yaqini markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan. Bir ming saksontasi lokal qozonxonalar orqali isitiladi. Ayni kunlarda ana shu tizimlarda aniqlangan nosozliklar bartaraf etilmoqda. Shuningdek, yuzdan ortiq ta’lim muassasasining tomi, ichki isitish tizimi joriy ta’mirlandi. Ulardagi singan oynalar almashtirilib, an’anaviy lampochkalar tejamkor lampalarga o‘zgartirildi. Bir yuz ellikka yaqin qozon va qozonxonalarni joriy va mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Kuz-qish mavsumining ko‘ngildagidek o‘tishi tabiiy gaz va issiqlik energiyasi ta’minoti korxonalari zimmasiga, ayniqsa, jiddiy mas’uliyat yuklaydi. Zero, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashi, shuningdek, aholi ham qish-qirovli kunlarni betashvish o‘tkazishi aynan yuqoridagi korxonalarning mavsumga qay darajada tayyorgarlik ko‘rishiga bog‘liq.
Buni yaxshi tushungan “Chirchiqshahargaz” filiali mavsum tadorigiga maxsus reja asosida barvaqt kirishib, eng asosiy va muhim vazifalarni yog‘in-sochin kunlarga qoldirmay nihoyasiga yetkazishga jiddiy bel bog‘ladi. Natijada yillik rejaga kiritilgan 135 gaz taqsimlash nuqtasining hammasi avgust oyining oxirigacha taftishdan o‘tkazildi.
– Sovuq kunlar boshlanganda, tabiiyki, gaz bosimi oshiriladi, – deydi filial bosh muhandisi Abdulla Xolmuhamedov. – Shu bois quvurlarning u yer-bu yerida nosozliklar yuz bermasligi uchun, ular maxsus asboblar yordamida tekshiriladi. Bu yil 16,8 kilometr uzunlikdagi quvurlar reja asosida shunday tekshiruvdan o‘tkazildi. Tabiiy gaz liniyalarining ba’zi yeridagi nosozliklar tufayli gaz havoga behuda chiqib ketishining oldini olish uchun 79,3 kilometrlik quvurlarning zichligi reja bo‘yicha sinovdan o‘tkazilib, kamchiliklar bartaraf etildi. 5,5 kilometr quvurlar bo‘yab bo‘lindi. Isitish mavsumi boshlanishidan oldin har yili 27 ming 643 dudburon oldindan tekshiruvdan o‘tkaziladi. Hozirgacha ularning yetti mingga yaqini ko‘zdan kechirildi. Hademay, qolganlari ham mavsumga soz holga keltiriladi.