Ishonch bilan odimlayotgan yangi O‘zbekiston
Xalqaro e’tirof
Katta yutuqlar, o‘ziga xos yuksalishlar, industrial yangilanishlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining jadallik bilan amalga oshirilishi, har bir sohaga o‘ziga xos rakurslarda yondashuv asosida yaratilgan yangiliklar hamisha dunyo hamjamiyatining e’tiborini tortgan. Oldin ham shunday bo‘lgan, bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
Bunga tarixda misollar ko‘p. Parijda Eyfel minorasining bunyod etilishi deysizmi, qaqrab yotgan arab cho‘llarida bir-biridan muhtasham kentlar qurilishini olasizmi, Singapur davlatining tez suratda rivojlanishimi... hamma-hammasida shu, eski haqiqat mujassam – shijoat, intiluvchanlik, tashabbus, ochiqlik, adolatli va keng qamrovli sa’y-harakat.

Bugun tobora yangilanib borayotgan Yangi O‘zbekistonga dunyoning qiziqishi, e’tibori ortayotganining tub zamirida ham ayni haqiqat mujassam.
Jonajon diyorimizda qisqa fursatda biri-biridan takrorlanmas majmualar, bog‘lar, maydonlar, mavzelar qad rostladi, yuzlab tarixiy maskanlar qayta obod etildiki, ularni sanab adog‘iga yetolmaysan, kishi.
Xalqimizda “Yurgan – daryo, o‘tirgan – bo‘yra”, degan gap bor. Shu ma’noda bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, xalqaro maydondagi tadbirlarda qo‘lga kiritilayotgan natijalar tufayli O‘zbekiston jahonning turli maskanlarida esga olinmoqda. Bu, ona yurtimiz nomi, uning tarovati, shiddatli viqori jahon bo‘ylab kezayotganidan dalolat, deyish mumkin.
Joriy yil aprel oyining birinchi o‘n kunligida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tizimidagi “Inside The Games” internet nashrida ispaniyalik jurnalist Daniel Sorianoning maqolasi e’lon qilindi. “Uzbekistan embraces weightlifting with new training hub” nomli keng qamrovli maqola orqali mamlakatimiz dunyo sport olamida yuksak e’tibor qozonayotganligi aniq misollar, tahlillar asosida ko‘rsatib berilgan.

Ispaniyalik jurnalist o‘zining “O‘zbekistonda yangi mashg‘ulot markazining bunyod etilishi og‘ir atletika sportini faol rivojlantirmoqda” sarlavhali maqolasida mamlakatimizda milliy dastur rivojlanishda davom etayotgani, yurtimizda tashkil etilgan “Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika maktabi” bu – “yorqin kelajak”ka g‘amxo‘rlik ekanini olqishladi. Buni Markaziy Osiyoda sportni rivojlantirish uchun muhim qadam, deya e’tirof etdi.
Maqolada shuningdek, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) prezidenti Muhammad Jaludning so‘zlarini keltirib, “Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika maktabi”ning ish boshlash tantanalari “Xalqaro rivojlanish va tinchlik sporti kuni”ga to‘g‘ri kelgani, jamoalarni birlashtirish qudratiga ega ekanini ta’kidlagan.
“... Mamlakatda sportning o‘sishi dinamik tarzda davom etmoqda. O‘zbekiston Osiyo yoshlar o‘yinlari va Islom birdamlik o‘yinlarida ikkinchi o‘rinni, Osiyo yoshlar Paralimpiya o‘yinlarida birinchi o‘rinni egalladi. Bu yurtda futbol ham tarixiy yuksalishni amalga oshirdi. Milliy terma jamoa birinchi marta FIFA jahon chempionatiga yo‘llanma oldi.
FIFA prezidenti Janni Infantinoning “O‘zbekiston futbol mamlakati sifatida kelajakka ishonch bilan qadam tashlamoqda”, deyishida ham ulkan qarash mujassam. O‘zbekiston xalqaro mezonlarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda va biz kelajakda ajoyib natijalarga umid qilamiz...”, deyiladi ushbu maqolada.
Darhaqiqat, mamlakatimiz haqida, erishayotgan natijalar to‘g‘risida bu kabi chiqishlar jahonning turli nashrlari va minbarlarida kunora bot-bot yangramoqda.
Birgina Javohir Sindorovning Nomzodlar turnirida g‘olib chiqishi, jahon shaxmat toji uchun kurashish huquqiga ega bo‘lishi xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholanayotgani, uning ko‘rsatkichlari Karpov, Kasparov, Anand singari shaxmat afsonalari qatorida qayd etilayotgani iftixor sanaladi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining ochiq va pragmatik siyosati, shahdu-shijoati tufayli yangi O‘zbekistonning “oltin avlodi” tarixiy yutuqlari, muvaffaqiyatlari bilan xalqaro maydonda e’tirof etilmoqdaki, bu, yana bir karra Prezidentimiz aytib o‘tganidek, “Sport – sog‘lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuch” ekanligini amalda namoyon etmoqda.
To‘lqin RO‘ZIEV,
O‘zA sharhlovchisi