Bir maktub – ming bir hayotiy saboq
Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyevning nabirasi Şavkatbekka parvoz davomida bitgan maktubini mutolaa qilar ekanmiz, unda bobo va nabira örtasidagi samimiy mehr-muhabbat bilan bir qatorda, xalqimizning asriy qadriyatlari, milliy tarbiya falsafasi hamda kelajak avlod kamolotiga daxldor muhim masalalar öz ifodasini topganini köramiz.
Maktubning har bir satri insonni muşohadaga, öz hayotiga, farzand tarbiyasiga, Vatan va kelajak oldidagi masʼuliyatiga teranroq nazar taşlaşga undaydi.
Maktubda ilgari surilgan asosiy ğoyalardan biri el-yurtga xizmat qilişning inson hayotidagi örni va ahamiyatidir.
“… bu dunyoda millatning dardiga darmon bölişdan köra aʼlo va afzal iş yöq”, degan fikr zamirida xalq manfaatini öylaş, inson dardiga befarq bölmaslik, jamiyat oldidagi burçni çuqur anglaş kabi maʼnaviy mezonlar mujassam.
Aslida, vatanparvarlik faqat balandparvoz sözlar yoki tantanali daʼvatlar bilan belgilanmaydi. U insonning kundalik faoliyatida, öz kasbiga sadoqatida, halol mehnatida, atrofidagilarning taqdiriga daxldorlik tuyğusida namoyon böladi.
Öqituvçining sidqidildan taʼlim berişi, şifokorning inson salomatligi uçun qayğurişi, dehqonning halol mehnati, ziyolining jamiyat tafakkurini yuksaltirişga qöşgan hissasi bularning barçasi Vatanga xizmat qilişning amaliy ifodasidir. Şu maʼnoda, maktubda bayon etilgan fikrlar har birimizni özimizga savol berişga undaydi: men Vatanim, xalqim va kelajak avlod uçun qanday manfaatli iş qildim?
Maktubning eng muhim jihatlaridan biri unda ilm-maʼrifat masalasiga alohida eʼtibor qaratilganidir.
Davlat rahbari öz bolalik yillaridagi maşaqqatlarni eslar ekan, bugungi avlodning munosib taʼlim olişi, öz isteʼdod va salohiyatini röyobga çiqarişi naqadar muhim ekanini taʼkidlaydi. Tarixdan maʼlumki, millatning haqiqiy qudrati uning moddiy boyliklari bilangina emas, balki ilmiy salohiyati, intellektual imkoniyatlari va maʼnaviy yetukligi bilan ham belgilanadi. Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Uluğbek, Alişer Navoiy, Mahmudxöja Behbudiy singari buyuk ajdodlarimizning nomlari maktubda bejiz tilga olinmagan. Ularning ilmiy va maʼnaviy merosi bugungi avlod uçun nafaqat faxr-iftixor manbai, balki yuksak masʼuliyat mezoni hamdir.
Zero, maʼrifat insonni jaholatdan, tafakkur loqaydlikdan, bilim esa qaramlikdan xalos etuvçi buyuk kuçdir.
Bugungi globallaşuv va axborot texnologiyalari jadal rivojlanayotgan davrda yoşlar tarbiyasi bilan boğliq masalalar yangiça mazmun kasb etmoqda. Maktubda zamonaviy gadjetlar va sunʼiy intellektdan unumli foydalaniş, ayni paytda ularga qaram bölib qolişdan ehtiyot böliş haqidagi fikrlar davrimizning dolzarb maʼnaviy muammolaridan biriga eʼtibor qaratadi.
Bugungi yoşlarimiz ulkan axborot makonida yaşamoqda. Ularning qaraşlari, dunyoqaraşi va hayotiy maqsadlari nafaqat oila yoki taʼlim muassasasida, balki virtual muhitda ham şakllanmoqda. Bunday şaroitda yoşlarni texnologiyalardan çeklaş emas, balki ulardan oqilona foydalanişga, axborotni tahlil qilişga, foydali bilimni zararli taʼsirlardan ajrata olişga örgatiş muhimdir. Sunʼiy intellekt insonning imkoniyatlarini kengaytirişi mumkin, ammo u mustaqil tafakkur, hayotiy tajriba, vijdon va maʼnaviy masʼuliyatning örnini egallamasligi kerak.
Maktubda vaqtning qadri, intizom, sabr-toqat va muvaffaqiyatsizliklar qarşisida taslim bölmaslik haqida bildirilgan mulohazalar ham alohida tarbiyaviy ahamiyatga ega. “Hayotdagi eng katta yutuq heç qaçon yiqilmaslikda emas, balki yiqilgan taqdirda ham özida kuç topib qayta tura bilişdadir”. Uşbu fikr yoş avlod uçun muhim hayotiy saboqdir. Çunki inson kamoloti faqat erişilgan yutuqlar bilan emas, balki duç kelgan sinovlardan qanday xulosa çiqargani, qiyinçiliklarni qanday yengib ötgani bilan ham belgilanadi.
Bugungi yoşlarni tayyor natijaga emas, izlanişga, oson muvaffaqiyatga emas, halol mehnatga, vaqtinçalik omadsizlikdan tuşkunlikka tuşişga emas, undan saboq olişga örgatişimiz zarur. Vaqtni qadrlaş esa, aslida, umrni qadrlaş demakdir. Har bir kunini ilm örganişga, kasb-hunar egallaşga, öz ustida işlaşga va ezgu amallarga bağişlagan inson nafaqat öz kelajagini, balki jamiyat kelajagini ham bunyod etadi.
Maktubning samimiy va taʼsirçan ruhini belgilab turgan eng muhim jihat undagi oilaviy mehr, avlodlar örtasidagi maʼnaviy riştalar va bobolik mehri bilan yöğrilgan hayotiy nasihatlardir. Xalqimiz azaldan farzand tarbiyasini eng uluğ va masʼuliyatli vazifalardan biri sifatida qadrlab kelgan. Oilada keksalarning ögiti, ota-onaning ibrati, bobo va buvilarning hayotiy tajribasi yoş avlod maʼnaviyatini şakllantirişda beqiyos örin tutadi. Farzandga qoldiriladigan eng katta meros mol-dunyo emas, balki gözal tarbiya, mustahkam bilim va pokiza vijdondir.
Bugungi kunda maʼnaviy-maʼrifiy işlarning samaradorligi ötkazilgan tadbirlar soni bilangina emas, balki ularning inson qalbi va tafakkuriga körsatgan taʼsiri, jamiyatda şakllantirgan ijobiy özgarişlari bilan baholanişi zarur.
Yoşlar örtasida kitobxonlikni keng tarğib etiş, oilalarda soğlom maʼnaviy muhitni mustahkamlaş, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni uyğun holda singdiriş, ziyolilarning jamiyat hayotidagi faolligini oşiriş oldimizda turgan ustuvor vazifalardan.
Andijon zaminining boy tarixiy, ilmiy va adabiy merosi ham bu borada katta tarbiyaviy imkoniyatlarga ega. Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk ajdodlarimizning ilmga, adabiyotga, bunyodkorlikka va Vatanga muhabbat bilan yöğrilgan merosini yoş avlod ongiga çuqur singdiriş maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatimizning muhim yönalişlaridan bölişi lozim.
Maktubda ifodalangan hayotiy saboqlarni oilalarda, mahallalarda, taʼlim muassasalarida, mehnat jamoalarida keng muhokama qiliş, ularning mazmun-mohiyatini amaliy tarbiya jarayonlari bilan uyğunlaştiriş muhim ahamiyat kasb etadi. Çunki maʼnaviyat inson qalbiga buyruq bilan emas, samimiy muloqot, hayotiy ibrat va ezgu amallar orqali singdiriladi.
Mazkur maktub bir nabiraga atalgan bölsa-da, undagi hayotiy nasihatlar, ezgu tilaklar va maʼnaviy qaraşlar barça oilalar, ota-onalar, ustoz-murabbiylar hamda yoş avlod uçun muşohada manbai böla oladi. Unda keçagi kunning maşaqqatlari, bugungi kunning masʼuliyati va ertangi kunning orzu-umidlari özaro tutaşgan.
Kelajak faqat bunyod etilayotgan muhtaşam binolar, zamonaviy inşootlar yoki iqtisodiy imkoniyatlar bilan belgilanmaydi. Kelajak - bugungi farzandlarimiz qalbiga singdirayotgan ezguliklarimiz, ongiga joylayotgan bilimlarimiz va ularga körsatayotgan şaxsiy ibratimiz bilan ham bunyod etiladi.
Nigora Qaşqaboyeva,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Andijon viloyati bölimi rahbari.
ÖzA