Millat otasi yoxud O‘zbekiston Prezidenti qalbidagi orzu-armonlar va tashvishlar haqida falsafiy doston
---
1
Taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning kuni kecha matbuotda e’lon qilingan “Shavkat Mirziyoyev inqilobi yoxud men nima uchun Prezidentim bilan g‘ururlanaman?” sarlavhali essesini o‘qigach, undan olgan taassurotlarimga aynan shunday sarlavha qo‘ydim.
Nega? Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, so‘nggi paytlarda Qudratilla Rafiqovning har bir chiqishlari – maqola va esselari siyosiy maydonda, o‘zbek jurnalistlari orasida o‘ziga xos “silkinish – zilzila” va go‘zal “shov-shuv”lar paydo qilayotir. Har bir o‘zbekistonlik – o‘zbek yuragida keng aks-sado beradigan bunday “shov-shuv”larga o‘rgandik va, hatto, kutadigan ham bo‘ldik. Kechagi esseda siyosatshunos-adib mazkur haqiqatni yana bir karra namoyon etdi.
Oldindan ogohlantirib qo‘yay, bu esseni shunchaki o‘qib bo‘lmaydi. Uni qo‘lga qalam olib, har jumla va har fikr atrofida chuqur o‘ylarga tolib, mulohaza va tafakkur qilmagan kishi essening tub ma’nosi – ildiziga yetolmaydi. Gap unda biz uchun sal begonadek tuyulgan xorijiy va texnik iboralar, terminlarning ko‘pligidagina emas. Asar odamzot ruhoniyatidagi, jamiyat qatlamlaridagi murakkab evrilish jarayonlari, millat nomli ulug‘ qavmni uyg‘otish mashaqqatlari haqida ekanidadir. Zero, osmono‘par qo‘rg‘onlar bunyod etish, sershovqin daryolar ochish mumkin, albatta. Ammo millat va jamiyat vujudidagi mudroq buloqlarning ko‘zlarini ochish hech zamonda oson bo‘lgan emas.
Esseda yurtdoshlarimiz zehniyatidagi mana shu murakkab jarayonlar aniq misollar vositasida yuksak mahorat bilan talqin qilinganki, ularning mohiyatini anglamoq uchun ko‘ksingda katta ilmu tafakkur daryosi barobarida ilkingda chinakam vatanparvarlik tuyg‘ulari ham barq urmog‘i darkor.

2
Tarixdan ma’lum, biz yuz yildan ko‘p vaqt mobaynida qaramlik va qullik iskanjasida yashadik. Sho‘ro davrida shunday kunlar ham bo‘ldiki, hovlimizda bitta tovuqxona qurmoqchi bo‘lsak ham markazning ruxsatini so‘rashga majbur edik.
Shu o‘rinda muallif tomonidan asli kelib chiqishi qirg‘izistonlik bo‘lgan AQSHlik tadqiqotchi Erika Maratning “Sovet davrida nafaqat oshxona geografiyasi, milliy ust-boshimiz ham markazdan «loyihalashtirilgan», “...har bir respublikaga nomini bergan etnik guruhga standartlashtirilgan «an’anaviy» taomlar va kiyinish turlarining muayyan to‘plami tepadan belgilab berilgan” degan so‘zlarini keltirgani behuda emas.
Sovetlar zamonida nafaqat kiyim-kechak yoki qurilish, balki, ommani boshqarish uchun “uni ajratib, parchalab boshqar”, degan qoida hukmron bo‘ldi. Sho‘ro siyosatida boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas edi. Грuзiya, Armaniston, Осyetiya, turklarni xalifat, xonlik, beklik emas: O‘zbekiстон, Qozоғiстон, Qiрғiзiстон, fors-tojiklarni ham qo‘shib: Тожiкiстон qilib bir xilda standartlashtirildi.
Sovetcha standartlashtirish “an’ana”si necha-necha yillar o‘z ta’sirini ko‘rsatdi: o‘sha davrda qad rostlagan binorlar arxiteturasiga bir qur nazar tashlagan kishi buni darrov anglab oladi. Ayniqsa 1966-yilgi Toshkent zilzilasidan keyin qurilgan imoratlar, ular Mustaqillik maydonida bo‘ladimi, Sirg‘ali, Chilonzor yoxud Yunusobod mavzelaridami bir qolipdan chiqqan jo‘jalar misoli o‘xshash.
Shu o‘rinda so‘nggi besh-o‘n yilda bunyod etilgan Yangi Toshkent, Yangi Samarqand, Yangi Andijon yoxud haqiqiy Sharq me’morchiligi an’analarini o‘zida aks ettirgan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziyu Samarqand shahri yonida qad rostlagan Imom Buxoriy majmuasi, Samarqand aeroporti kabi koshonalarni bir ko‘z oldingizga keltiring. Qarangki, katta ilhom, betakror ijod mahsuli, haqiqiy san’at asarlari shu zahoti jahon hamjamiyati tomonidan hurmatu ehtirom bilan e’tirof etilar ekan. Ulardan ikkitasi zudlik bilan Ginnes kitobidan o‘rin oldi. Bu har gal ham e’tirof etiladigan hodisa emas. Yangi O‘zbekiston, Uchinchi Renessansning ilk ko‘rinishlari emasmi bular?! Hali bunday ulug‘vor majmualar ko‘plab quriladi.
Xo‘sh, qayoqdan paydo bo‘ldi bunday ulug‘vor o‘zgarishlar? Qanday zaminda dunyoga keladi bir-biridan muhtasham shaharlaru qasrlar? Albatta, tinch va osoyishta mamlakatda. Mamlakat esa aslida katta oila. Oiladagi tinchlik va osoyishtalikka hamisha oila boshlig‘i – ota bosh-qosh. Demak, Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans me’mori ham davlat rahbari. Davlatimiz rahbarining kattayu kichik tomonidan Millat otasi maqomida ulug‘lanayotganining sababi ham ana shunda.
Faqat shahar yoki tuman markazlarida emas, olis - olis qishloqlarda ham ulug‘vor tarixiy o‘zgarishlar sodir bo‘lyaptiki, ularning qay birini tilga olishga shoshib ham qoladi gohida kishi. Keling, o‘zim tug‘ilib o‘sgan Urgutga aloqador voqealardan birini sizga aytib berayin.
Bir mahallar qishlog‘imizda kolxozning katta molxonasi bo‘lgan. Molxonani “Zamonaviylashtirish” shiori ostida cho‘pon-cho‘liqlarga oson bo‘lsin uchun molxonadan chuqurgacha 25-30 qadam uzunlikda temir izlar yotqizilgan. Rahmatlik otam oddiy kolxozchi bo‘lsa ham g‘ururi baland odam edi. Qishloq va qishloqdoshlari sha’ni uchun qayg‘urishni o‘zi uchun sharafli burch deb hisoblar va mavridi kelganda boshqalardan kam emaslikni ko‘rsatib qo‘yish maqsadida ozgina lof ham qo‘shib yuborardi.
Qish kunlarining birida hamqishloqlar eshak-otlarni yo‘rttirib, tumanning narigi tomonidagi ovulga to‘yga borishadi. “Bizning qishloqda zo‘r maktab qurildi” deb maqtanib qoladi gurung payti mezmonlarning “og‘zi katta”si. “ E-e, keyinda qopketibsizlar-ku!” – darrov javob qaytaradi otam. – Ancha bo‘ldi bizning qishloqqa poyezd kelganiga!”
To‘ydan qaytishayotganda hamqishloqlarimiz “Ko‘chimboy, lof ham evi bilan-da. Ko‘changizda eshak arava arang yuradi-yu, poyezd deysiz-a-a!” – deb otamga tanbeh bermoqchi bo‘lishadi. Shunda otam “Molxonadagi temir izlar poyezd yo‘li bo‘lmay, nima?” deb hammani kuldiradi.
O‘tgan asrning 60-yillaridagi hangomalar bu. Qancha suvlar oqib ketdi o‘shandan beri. Zamonlar o‘zgardi, sovetlar barham topdi, mustaqil bo‘ldik. Ammo atigi o‘n yil avval ham bu gaplarga hech kim ishonmas, tushingni suvga ayt deb masxara qilardi. Qalovini topsa, xalq qalqsa, asrlarga tatigulik ishlar bo‘lishi mumkin ekan o‘n emas, ikki-uch yil ichida ham. Urgut temir yo‘li bunga bitta misoldir. Yo‘l O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 10-oktabrda imzolagan qaroridan keyin rejalashtirildi. 2025-yilning 25-may kuni o‘tkazilgan taqdimotda esa davlatimiz rahbariga mazkur yo‘lning 7 kilometriga temir izlar yotqizilgani to‘g‘risida axborot berildi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas 55 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l qurib bitkazildi. Odamlarning ko‘z o‘ngida afsonalar haqiqatga, ertaklar chinga aylandi.
55 kilometr! Ot-arava yoki mashina yo‘li emas – temir yo‘l. Yana qayerda? Mamlakatimizning Tojikiston bilan chegaradosh sarhadlarida!
Bu yo‘lning ishga tushirilishi tufayli qancha odamlar ishli bo‘lgani, tojikistonlik necha yuzlab birodarlarimiz va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilgani, logistik imkoniyatlar kengaygani, tumanda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni tashish xarajatlari kamaygani, aholining uzog‘i yaqin bo‘lgani bir masala, temir yo‘l xosiyati bilan Urgutda yangi shahar paydo bo‘layotgani esa har qanday ko‘ngilni iftixorga burkamay qo‘ymaydi.
Faqat Urgut emas, Toshkent viloyatining Parkent va Bekobod tumanlariga, Xorazmning qadimiy Xiva shahriga ham poyezdlar bordi qisqa vaqt orasida.
Urgut – Samarqand temir yo‘lining ochilish marosimida Prezidentimiz ishtirok etdilar. Birinchi poyezdning birinchi yo‘lovchilari safida bo‘lganimdan hanuz g‘ururlanaman. Poyezdda ketayotganimizda Shavkat Miromonovich o‘ziga yarashgan tabassum bilan: “Urgutga juda katta mablag‘lar olib kelyapman, hali aytaman”, deganlari esa hanuz quloqlarim ostida jaranglab turibdi. Davlatimiz rahbarining yoqimli tabassumida zohir bo‘lgan sir mehnatkashlar bilan bo‘lgan uchrashuvda ayon bo‘ldi – Urgutda yuz ming kishilik yangi shahar bunyod etish xabari ochiqlandi! Yuz ming! Cho‘tga solib ko‘rsangiz bu dunyo xaritasidagi butun boshli ayrim mamlakatlarning jami aholisidan ziyod.
Ko‘p o‘tmay Yangi Urgut ko‘kka bo‘y cho‘za boshladi. 9, 12, 16 qavatli uylarga birin-ketin baxtiyor oilalar ko‘chib kiraverdi. Buyam mayli-ya, 30 - 40 yil avval bittagina vinzavodi-yu, bittagina muzqaymoq ishlab chiqarish sexi bo‘lgan tumanda bugun 400 xildan ortiq sanoat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarilayotganiga nima deysiz? O‘n yilda, bor-yo‘g‘i o‘n yilda dunyoga keldi va kelayotir shularning hamma-hammasi!

3
Esseni o‘qiyotib, yozuvchi Abdulla Qahhorning bir gapi yodga tushdi. Qahhor domlamiz o‘quvchilar bilan o‘tgan uchrashuvlarning birida mustamlaka masalasiga to‘xtalib, ichki isyonini: “Biz hatto kolonizator-mustamlakachilarga ham yalchimagan ekanmiz”, deya ifoda etadi.
“Paxta kampaniyasi” deyilmish ayanchli manzaralar “yalchimaganlik”ning og‘riqli manzaralarning yana biridir. Bu mavsumdagi azob-uqubatlarni bir eslaylik. Barcha mashmashalar hammaning ko‘zi oldida, ochiqchasiga, tazyiq bilan, majburan amalga oshirilardi. Har yili ming-ming, hatto millionlab maktab o‘quvchilari, talabalar, ishchi-xizmatchilar oylab o‘qishi, ishidan ajratilgan holda qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilinardi. Qarshilik qilganlarga ishi-o‘qishidan haydashga qadar jazo choralari qo‘llanilardi. Natijada o‘quv dasturlarini o‘zlashtirolmagan ming-minglab chalasavod mutaxassislar paydo bo‘lar edi mamlakatda. Million-million tonna paxta yetishtirsak-da, paxtadan to‘qilgan oddiy chit, surp matolariga zor edik. Shunday paytlar bo‘lganki, mayitning kafaniga paxtadan tayyorlangan 5-6 metrlik oddiy surp ham Mahalla qo‘mitasiga rasman murojaat qilinganidan keyingina olinar edi. Do‘konlarda yo‘q edi. Ne-ne mashaqqatlar bilan O‘zbekistonda yetishtirilgan 4-5 million tonna paxta hosili Moskvada Gosplan degan idorada taqsimlanardi. Inson qadri, inson manfaatlariga munosabat ana shunday achinarli ahvolga tushib qolgan edi. Hatto O‘zbekistonning buyuk va qadrli Birinchi rahbari, Ikkinchi Jahon urushi qahramoni Sharof Rashidov paxta yig‘im-terimi paytida, dalada jon taslim qildi.
4
Ha, olis tariximizda ham, yaqinida ham afsuslanadigan, o‘kinadigan nuqtalar oz emas. Xalqimiz bosqinlar, talonlar, qatag‘onlar ostida azob chekdi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Habib Abdullayev kabi yuz-yuzlab buyuk iste’dod egalarini ehtiyotlab, himoya qila olmadi. Vaholanki, esseda qayd etilgan mashhur qozoq siyosatchisi kabi biz amerikalik yoki germaniyalik, yaponiyaliklarni (ularning noyob qobiliyati, iste’dodini tan olgan holda) oramizdan qidirmaymiz, o‘zimizning iste’dodlarimiz bor, ularni asrab-avaylab, isrof qilmay saqlab qolsak shuning o‘zi bas. Allohga shukrlar bo‘lsinki did, farosat jonimizda, qonimizda, ongimizda, o‘zimizda yetarli”.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oqilona siyosati tufayli tarixiy fojealardan qutildik, milliy boyligimiz – noyob iste’dod egalarini asrash, ularni qo‘llab-quvvatlash zamoniga yetdik. Bugun barcha sohalarda bo‘lgani kabi yuksak iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish, o‘sib kelayotgan yosh nihollarni tarbiyalash borasidagi ibratli yumushlar oz emas. Mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirishga qanchalar e’tibor berilsa, ilm-fan, o‘qish-o‘rgatish, ma’naviyat va ma’rifatga undan-da ko‘proq diqqat-e’tibor qaratilyapti.
Davlat rahbari qay manzilga bormasin, kimlar bilan uchrashmasin iqtisodiyot va ma’naviyat millatning ikkita qanoti bo‘lishi kerakligini qayta-qayta ta’kidlayapti, bu yo‘nalishda o‘nlab, yuzlab tashabbuslarni o‘rtaga tashlayotgani ham ayon haqiqat.
Aslini olganda mamlakat degani ham kattakon ro‘zg‘or. Dasturxon to‘kinligi, oila baxti, uning kelajagi uchun esa ro‘zg‘or kattakoni - otasi qayg‘uradi? Millat taqdiri uchun esa davlat rahbari – millat Otasi qayg‘urmoqda...
5
Qudratilla Rafiqov ushbu esse orqali biz jurnalistlar, qalam ahliga ham ko‘zgu tutdi. Kamchiligimiz, xijolat bo‘ladigan joylarimiz ko‘pligini ko‘rsatdi.
Ayniqsa, Prezident faoliyatini keng ommaga yetkazishdagi uquvsizliklarimizni (bu masala to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zimga va kasbdoshlarimga aloqador bo‘lgani tufayli) men hozirgi dolzarb yumushlarning eng birinchisi, deb hisoblayman. O‘zbek tili lug‘atida “madh” va “maddoh” degan so‘zlar mavjud. Ildizi o‘xshash bo‘lsada bu so‘zlarning ma’no-mazmuni ayricha. Biz esa ko‘pincha “madh”ni “maddoh”likka aylantirib yuboramiz. Go‘yo shunday qilsak yozganlarimiz bekamu ko‘st bo‘ladiganday. Bor, qilingan, qilinayotgan ishlarning mohiyatini ko‘satib berishga erinamiz yoki salohiyatimiz yetmaydi. Yozganlarimizda bir qop yong‘oq misoli “shaldir-shuldir” gaplar ko‘payib ketadi. Amalga oshirilayotgan ishlarni tahlillar asnosida ko‘rsatishni eplolmayotibmiz. Yana bir toifa ijodkor do‘stlarimiz esa “dunyoni suv bossa, o‘rdakka ne g‘am” degandek mudrab, uyqusirab yuradilar. Vaholanki, mamlakatimizda adabiyot va san’atga hech qachan, shu so‘zni yana bir karra takrorlayman – hech qachon bugungichalik hurmat-ehtirom ko‘rsatilgan emas! Har yili o‘nlab yozuvchi va shoirlar, aktyor va boshqa san’atkorlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanyapti, ularga uy-joylar berilyapti, turli shakllarda ardoqlanyapti. Ammo, shunday hamkasblarimiz borki, jillaqursa ijtimoiy tarmoqlarda fikr aytishni ham o‘zlariga ep ko‘rishmaydi. Masalaga mas’ul tashkilotlar esa tadbirbozliklaru uchrashuvbozliklarga haddan ortiq ko‘p vaqt sarflashmoqda. Vaholanki, ko‘paygan matoh hamisha arzonlashadi, qadrsizlanadi.
Mamlakatimizda va dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni sharhlab beradigan institutlar, ekspertlar, intellektual guruhlarning ovozi ham sezilmaydi. Intellektual doiralarni, ziyolilarni, xalqni o‘ylashga, fikrlashga, xulosalar chiqarishga, qalblarda qatlanib yotgan dardlarni uyg‘otib yuborishga undovchi tahlillar oz, juda kam.
6
Q. Rafiqov bu asarida, o‘z ta’biri bilan aytgganda, ikki “yaltiroq” so‘z – “inqilob” va “g‘urur” istilohlariga izoh berish orqali bugungi jamiyatga ko‘zgu tutadi, inson va mamlakat taraqqiyoti uchun tafakkur ozodligi qanchalar muhim ekaniga urg‘u beradi, sizu bizni mulohaza yuritib, tafakkur qilishga undaydi. Va sizu bizga gohida mayda, anchayin ahamiyatsizdek bo‘lib tuyulgan “kichik” nuqtalar ortida o‘ta muhim hayotiy haqiqatlar yotgani tahlil qiladi. Aynan ana shu tahlillar fonida “inqilob”, “g‘urur” va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qiyofasi namoyon bo‘ladi.
Millat yaxlitligi mujassamlashgan mazkur uchlik uyg‘unlashuvida beixtiyor qalbingizga quloq tutasiz, shu mahalgacha anglamayotgan ko‘p narsalarni fahmlagandek bo‘lasiz, shu butunlikning yaxlit bir zanjiri bo‘lishni ko‘nglingizga tugasiz.
Abdulla Qahhor: “Men katta-kichik degan narsani tan olmayman. Nahotki paxta uchun kurash yirik bo‘lsa-yu, bola tarbiyasi kichik...” deb yozgan edi. Millat, mamlakat taqdiri haqida gap ketayotganda yoki yo‘lovchi katta yo‘lga chiqqanda “mayda” masala bo‘lishi mumkinmi?
Yo‘q, albatta.
Jamiyat qachon o‘zgaradi? Uni o‘zgartiradigan kuch bormi?
Albatta, bor. Bu Odam. Uning tafakkuri.
Inson ruhidagi ozodlik epkinlari jamiyatni o‘zgartiradi. Bunga ishonavering. So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston tom ma’noda yangi qiyofa kasb etganining tub ildizi ham shunda. Bu evrilishlar o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q, albatta. Ammo, shunday bo‘lsa-da, guvohmiz, hammasi – besh, hammasi joyida, deb baralla aytishga hali bor.
Sabab?
Sababga o‘tishdan aval bobomeros qadim rivoyatni eslang: uzoq vaqt qafasda saqlangan qush nihoyat ozodlikka chiqadi. Eshik ochiladi. Qushcha panjara ortidangina ko‘rgan, talpingan keng osmon sari parvoz qiladi. Ammo bir muddatdan keyin ne ko‘z bilan ko‘ringki, yana o‘sha o‘zi o‘rgangan qafasga qaytib kiradi...
Qudratilla akaning esselarida aks etgan og‘riqli nuqta, ba’zi odamlardagi ana shu – “qafas sog‘inchi”.
Bir misol. Bundan o‘n yillar oldin mahalla fuqarolar yig‘ini idoralari peshtoqida katta-katta harflarda yozilgan bir xil shiorlar urf edi. “Shahar bedarvoza emas!” Va aynan ushbu yozuvlar ostida yana shunday bitta da’vat ham bo‘lardi: “O‘z uyingni o‘zing asra!”.
Birinchi shiordan ko‘ngling g‘ururga to‘lsa, keyingisidan ko‘ngilga g‘ulg‘ula tushardi. Bu “aqlli” shior va “da’vat” biri birini inkor qilib turgani hech kimni qiziqtirmasdi.
Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach “Inson qadri uchun” degan g‘oya o‘rtaga chiqdi. Va bu shunchaki qog‘ozga o‘ralgan qup-quruq shiorning o‘zi emas edi. Tez orada mahallalarimiz hayotimizning eng qaynoq nuqtalariga aylandi. Xalqimizning halolligi, mehnatkashligi, eng og‘ir sinovlarni ham matonat bilan yengib o‘ta olishiga tarix ko‘p bor guvoh bo‘lgan.
Shu joyda muallif ibrat o‘laroq Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akayevning sobiq sovet ittifoqi yiqilib, mintaqa davlatlari mustaqillikni qo‘lga kiritgan ilk yillar haqidagi quyidagi fikri o‘ta ahamiyatli. “...rostini aytsam, 90-yillarda, prezident bo‘lganimda, menda bir shubha bor edi: qirg‘izlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirib keta oladimi, o‘zbeklar bilan raqobatlasha olamizmi, deb ko‘p o‘ylanardim. Chunki mening nazarimda bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz bilan o‘zbek birodarlar butun Markaziy Osiyoni egallab, boshqaradigandek edi. Sababi ular sovet davridayoq bunga tayyor bo‘lgan. Ammo barchamiz Islom Karimovdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. U kishi o‘zbeklarni dunyodan ajratib qo‘ydi. Shu bilan u qirg‘iz va qozoqlarga imkoniyat yaratib berdi. Shuning uchun Qirg‘izistonda Islom Karimovga haykal o‘rnatgan bo‘lardim. U bizga yo‘l ochib bergani uchun qirg‘izlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirib oldi. Agar raqobat bo‘lib, Islom Karimov O‘zbekistonni ochib qo‘yganda edi, mana, hozir Mirziyoyev kabi dunyoga ochilganda edi, biz ular bilan raqobatlasha olmas edik”.
Taniqli qozoq shoiri, davlat va jamoat arbobi O‘ljas Sulaymonov esa o‘tgan asr boshlarida bo‘lgan ocharchilik yillari haqidagi so‘zlari bilan o‘zbek xalqi azaldan naqadar mehnatkash ekanini ulug‘laydi. “Millionlab qozoqlar hayotning bu sinoviga dosh berolmay ochlikdan qirilib ketdi. Yon qo‘shnimiz o‘zbeklar esa bu mashaqqatlarni matonat bilan yengib, deyarli talafot ko‘rmadi. Ular mehnatkash, eng og‘ir damlarda ham yashab qolish yo‘llarini bilishadi. Agar qozoq xalqi o‘zbeklardan o‘rganganda ocharchilik yillari buncha ko‘p qurbonlik bermagan bo‘lar va bugun qozoqlar nufusi hozirgidan bir necha million ko‘p bo‘lardi, – deydi va – “hozir ham o‘zbeklardan o‘rganish kerak...” deya davom etadi.
“Shavkat Mirziyoyev inqilobi yoxud men Prezidentim bilan nega g‘ururlanaman?” essesi kishida o‘z millati va Vatani bilan faxrlanish tuyg‘ularini kuchaytirishga da’vat etishi bilan ham ahamiyatlidir.
7
Davlatmiz rahbari xalqimizga suyanib, uning orzu umidlarini ko‘zlab tunu kun mehnat qilayotganini ko‘rib turibmiz. O‘zbek xalqi esa Asqar Akayev, O‘ljas Sulaymonov ta’kidlaganidek, hech qanday qiyinchilik oldida taslim bo‘ladigan anoyilardan emas. Aksincha, uning qonida yaratuvchanlik, bunyodkorlik va bag‘ri kenglik har doim bo‘lgan va shunday bo‘lib qolajak.
Ana shunday bunyodkor xalqqa munosib yo‘lboshchining borligi Yaratgan Egamning xalqimizga cheksiz marhamatidan o‘zga narsa emas.
So‘nggi o‘n yil ichida mislsiz o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldik. Yuz yilliklar davomida bunyodkor xalqimiz yo‘liga, ongi, ruhiga qo‘yilgan taqiq, to‘siqlar chilparchin bo‘ldi. Biz shularni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, ta’bir joiz bo‘lsa shularni ichida bo‘ldik, yashadik.
Bir vaqtlar buzib tashlangan boshqa yo‘llar ham tuzatildi. Bir-biriga deyarli begonalashib qolgan mintaqadagi besh davlat bir mushtga aylandi. Endilikda jahonning eng yirik davlatlari Markaziy Osiyo tomon intilmoqda. Pul muammosi bartaraf qilindi. O‘z oyligini ololmay, baklar atrofida sargardon kezinishlar tugadi. Ming-minglab ishsizlar ishli bo‘ldi. Kambag‘allik darajasi 50-60 foizdan 5-6 foizga tushdi. “Bosmachi” deb haqoratlangan xalq qahramonlari haqida birinchi bo‘lib roman yozgan Mamadali Mahmudov kabi o‘nlab beayb ijodkorlar qamoqlardan ozodlikka chiqarildi.
Turli sabablar bilan chet ellarga ketib qolgan va urush o‘choqlarida qiynalgan vatandoshlarimiz, ularning ayollari, bolalari yurtga olib kelindi. Adashganlar kechirildi, kechirilmoqda. Umuman, xorijda yurgan o‘zbekistonliklarga Vatan davrvozalari katta ochilmoqda.
Ularni sanab, sanog‘iga yetish qiyin.
Xo‘sh, bunday g‘amxo‘rliklarni amalga oshirishga kim jur’at qiladi?
Ota!
Mamlakat fuqarolarini o‘z farzandi, deb bilguvchi ota.
Millat otasi. El-yurt manfaati uchun qayg‘uradigan sardorni oddiy xalq “ota” deb ulug‘layotganining asl sababi ana shunda. Ha, Prezident Shavkat Mirziyoyev ona xalqining mo‘’tabar izzatiga sazavor bo‘ldi. OTA maqomiga erishdi.
Qudratilla Rafiqovning essesini o‘qir ekansiz, beixtiyor ko‘nglingizdagi tuyg‘ularni tilingizga chiqqanini bilmay:
– Shavkat Mirziyoyev – mening Prezidentim!
– Shavkat Mirziyoyev Millat otasi! – deb yuborganingizni sezmay qolishlaringizning sabablari ham ana shunda – Millat otasiga bo‘lgan cheksiz mehru muhabbatingizda.
8
Talonlar, bosqinlar, qirg‘inlar, qonxo‘rliklar avj olgan; tinch mamlakatning osoyishini ko‘rolmovchilar tomonidan qo‘ni-qo‘shnilarni bir-biriga gij-gijlash, toza buloqlarni loyqalatish yo‘lida fitnalar uyushtirilayotgan alg‘ov-dalg‘ov zamonda torozi pallasini teppa-teng ushlab turish hazilakam gap emas. Mamlakat tinchligini asrash uchun odamda qancha qobiliyat, mahorat, siyosiy iroda, aqlu zakovat va yana qanchadan-qancha insoniy fazilatlar bo‘lmog‘i esa yolg‘iz Yaratganga ayon. Zero, bunday bebaho xislatlar kimda bo‘ladi?
Otada! Mehribon va jonkuyar otada.
Millat otasida!
Afsuski, odam bolasi yaxshilikni tez esdan chiqaradi. Yutuqlardan suyunish o‘rniga, arzimas narsalardan kir izlaydilar. “Qildan qiyiq axtaruvchi”larga insof va diyonat tilagan holda baralla ovozda:
– O‘n yilda yuz yillik yutuqlarga erishgan O‘zbekistonning har go‘shasi hali afsonaviy bog‘larga aylanadi. Buning uchun kim ekanimizni, o‘zimizni, o‘zligimizni yanada teran anglamog‘imiz lozim, – deging keladi.
Alqissa, Qudratilla Rafiqovning esse-dostonidan olgan ilk taassurotlarimni, millatimiz Otasi: “biz o‘z mehnatimiz, aqlu idrokimiz bilan hammani tan olishga majbur qilamiz!” deya qayta-qayta takrorlagan da’vati asosida yozilgan she’riy satrlar bilan yakunlamoqchiman:
MAJBUR QILAMIZ!
Biz uchun kuyganni, kuymaganni ham,
Mehrimiz tuyganni, tuymaganni ham,
Bizlarni suyganni, suymaganni ham,
Yurak qo‘rimizdan masrur qilamiz –
Bizni tan olishga majbur qilamiz!
.
Lekin pashshaga ham bo‘lmagaymiz g‘ov,
Begona bog‘larda qilmagaymiz ov,
Faqir bo‘lsa hamki, bo‘lsa hamki yov,
Mahvash bog‘imizga manzur qilamiz,
Bizni tan olishga majbur qilamiz!
.
Jahonni o‘ziga qaratgan xalqmiz,
Olamda sharaflar taratgan xalqmiz,
Ikkita Renessans yaratgan xalqmiz,
Vatanni oydan-da mashhur qilamiz,
Bizni tan olishga majbur qilamiz.
.
Biz ko‘rgan, ko‘rmagan tomonlar haqqi,
To‘zonli, to‘fonli zamonlar haqqi,
Jahongir Turkiston, Turonlar haqqi,
Millat ko‘kragini mag‘rur qilamiz,
Bizni tan olishga majbur qilamiz.
.
To‘g‘ri, tinch bo‘lmadi doim yo‘limiz,
Tumanli bo‘ldi goh o‘ngu so‘limiz,
Hech kimdan past emas ammo qo‘limiz,
Dillarni, dillarga maxmur qilamiz,
Bizni tan olishga majbur qilamiz!
.
Bugun uyg‘onmoqda qadimiy bo‘ston:
Yangi O‘zbekiston – qudratli tug‘yon -
Qudratli har ko‘ngil, har dil bir doston,
Turkiston uyg‘ondi, uyg‘ondi Turon,
Zaminu zamonni mamnun qilamiz,
Bizni tan olishga majbur qilamiz.
.
Daryodil, sheryurak Yurtboshi bilan,
O‘zbekning mehribon quyoshi bilan,
Qurdoshi, qo‘ldoshi, yo‘ldoshi bilan,
Jumlai jahonni maftun qilamiz,
Bizni tan olishga majbur qilamiz!
Abdusaid KO‘CHIMOV,
senator